O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov 22 noyabr kuni Qozog‘iston mudofaa vaziri general-leytenant Murat Bektanov boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda tomonlar mudofaa sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilib, uni yanada kuchaytirish borasida fikr almashdilar. Xususan, Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan “Qalqon – 2021” hamda O‘zbekistonda davom etayotgan “Hamkorlik – 2021” qo‘shma o‘quvlarining ahamiyati, bo‘linmalarning jangovar tayyorgarlik masalalariga atroflicha to‘xtalib o‘tishdi.

Muloqot davomida qardosh xalqlarning birdamligi, ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnik hamkorlik masalalarining joriy holati hamda istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama etildi.

Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston va Qozog‘iston mudofaa vazirliklari o‘rtasida harbiy sohada hamkorlik bo‘yicha qator tadbirlarni o‘z ichiga olgan bitim imzolandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentidan ma’lum qilinishicha, tashrif davomida Qozog‘iston harbiy delegatsiyasining poytaxtimizdagi «G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, Mudofaa vazirligi “Chimyon” tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markazi va Qurolli Kuchlar akademiyasi faoliyati bilan tanishuvi hamda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining “Termiz” dala o‘quv maydonida o‘tkazilayotgan “Hamkorlik – 2021” O‘zbekiston – Qozog‘iston o‘quvlarini kuzatuvi ham rejalashtirilgan.