Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda milliy komissiya a’zolari, mutasaddi vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva raisligidagi majlisda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida 2021 yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar, ko‘rilgan choralar hamda sohalarda saqlanib qolayotgan masalalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida majburiy mehnat, bolalar mehnatiga barham berish, fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlashda sohaga doir qonunchilik asoslarini mustahkamlash hamda qonunchilik bazasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish ishlari izchil davom ettirildi. Xususan, 14 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi va amaliyotga tatbiq etildi. Voyaga yetmaganlardan shahvoniy maqsadlarda foydalanish, ularni g‘ayriqonuniy jamoat birlashmalari faoliyatida qatnashishga undash, majburiy mehnatga jalb etish uchun jinoiy javobgarlik belgilashni ko‘zda tutuvchi qonun qabul qilindi. Shuningdek, farzand asrab olish tartiblarini soddalashtirishga qaratilgan hujjat ham imzolandi. Unga ko‘ra, ijtimoiy ahamiyati katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni sodir etgan va jazo muddatini o‘taganlarga ham farzand asrab olishga ruxsat berildi. Yig‘ilishda odam savdosiga qarshi kurashishda davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlarining sa’y-harakatlari bilan manzilli ishlar amalga oshirilayotganligi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Ushbu sohada mavjud muammolarni bartaraf etish va amaliyotni xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari turli yo‘nalishlardagi kuzatish va monitoringlar, mamlakatimizda mehnat sohasida amalga oshirilgan islohotlardan kelib chiqqan holda bolalar mehnati va majburiy mehnat masalalaridan chetga chiqib, asosiy urg‘uni munosib mehnat tamoyillari, norasmiy bandlikni qisqartirish, ijtimoiy himoya masalalariga qaratayotganini e’tirof etdi. Xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida joriy yilning sentyabr oyida “O‘zbekiston Respublikasida munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan mamlakat dasturi” imzolanganligi va unda asosiy e’tibor munosib mehnat sharoitlarini yaratish, norasmiy bandlikni qisqartirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish masalalariga qaratilganligi ta’kidlandi.

Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash yo‘nalishlarida ijobiy natijalarga erishilishiga qaramasdan, joylardagi ayrim rahbarlarning mas’uliyatsizligi va e’tiborsizligi sababli sohada hali ham ayrim muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi. Yig‘ilish doirasida AQSH mehnat vazirligi tomonidan joriy yilda e’lon qilingan “Bolalar mehnatining eng yomon shakllari to‘g‘risida”gi yillik hisobot hamda unda O‘zbekiston e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan bildirilgan tavsiyalar muhokama qilinib, ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi loyihasi ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha tegishli vazirlik va idora rahbarlari, shuningdek, hududiy komissiyalar raislarining axborotlari eshitildi.

 

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA