O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshon Xon bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mehmon mamlakatimizga Jahon bolalarni himoya qilish kuni va YUNISEFning 75 yilligiga bag‘ishlangan “Nogiron bolalar uchun inklyuzivlikni ta’minlash” xalqaro veb-forumida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan.

Muloqot davomida O‘zbekiston va YUNISEF o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda yaqin istiqboldagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

YUNISEF rahbariga O‘zbekistonda bolalarni ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish hamda mustahkamlash, ta’lim tizimini takomillashtirish, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan amaliy chora-tadbirlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.

O‘z navbatida, Afshon Xon O‘zbekiston hukumati tomonidan fuqarolar, ayniqsa, mojaroli hududlardan ayollar va bolalarni qaytarish, ularning jamiyatga qayta moslashuvini ta’minlash, qaytarilgan fuqarolarga zarur shart-sharoit yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan «Mehr» insonparvarlik aksiyasini olqishladi.

Uchrashuvda Jamg‘armaning 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston bo‘yicha yangi hamkorlik dasturi doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

 

Tashqi ishlar vazirligi

matbuot xizmati