Jahon matbuoti O‘zbekiston haqida

Pokistonning “The National Herald Tribune” gazetasi O‘zbekiston hayotiga oid dolzarb voqealarni doimiy yoritib boradi. 2019 yilda O‘zA mazkur gazeta tahririyati bilan ichki va xalqaro hayotdagi dolzarb voqealar to‘g‘risida axborot almashish haqida memorandum imzolagan edi.

Ushbu hamkorlik izchil davom etib kelmoqda.

“The National Herald Tribune” gazetasi 2021 yil 10 noyabrdagi sonida  O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 8 noyabr kuni davlat mulki ob’ektlarini xususiylashtirish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishi haqida xabar chop etdi.

Unda qayd etilishicha, O‘zbekiston iqtisodiyotida davlatning ishtiroki asta-sekin kamayib, xususiy sektor ulushi dinamik ravishda o‘sib bormoqda. 2021-2022 yillarda davlat ulushiga ega korxonalar sonini kamida 3 barobarga qisqartirish rejalashtirilgan. Joriy yilda 4 trillion 500 milliard so‘mlik 619 ta davlat aktivi sotilgan.

Gazeta Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish marosimidagi nutqida davlat korxonalarini xususiylashtirishni jadallashtirish iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishini ta’kidlaganiga e’tibor qaratgan.

Shu bois, maqolada xususiylashtirishning yangi usullarini joriy etish, xususiylashtirilgan korxonalar moliyaviy barqarorligi va investitsion jozibadorligini oshirish, uning barcha bosqichida shaffoflikni ta’minlash asosiy masala ekaniga urg‘u bergan.

Gazeta xabarida, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat korxonalariga strategik investorlarni nafaqat mavjud quvvatlardan foydalangan holda jalb etish, balki korxonalar faoliyatini kengaytirish zarurligini ta’kidlagan. Bular jumlasiga quyidagilar kiradi:

– “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati negizida uchta alohida korxona tashkil etilgan holda kimyo sanoati klasteri tashkil qilish;

– klaster infratuzilmasini boshqarish uchun tajribali xususiy operatorlarni ishga olish;

– investorlar sarmoya kiritish bilan birga yangi loyihalar taklif etishi;

– zamonaviy bilim va texnologiyalarni joriy etish.

“Belgilangan vazifalarni inobatga olgan holda, mas’ul shaxslarga 2022 yilga mo‘ljallangan xususiylashtirish dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi”, – deya xabar beradi “The National Herald Tribune”.

 

Ulug‘bek Mahmirzayev tayyorladi,

O‘zA