O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Saudiya Arabistoni Podshohligining mamlakatimizga Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Yusuf al-Utaybiyni qabul qildi.
Vazir ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib olar ekan, elchini O‘zbekistondagi faoliyatini boshlagani bilan tabrikladi hamda uning mas’uliyatli lavozimdagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Suhbat chog‘ida tomonlar muntazam muloqotni davom ettirish va amaliy hamkorlikni, jumladan, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar hamda Savdo, iqtisodiyot, fan va texnologiyalar, madaniyat, sport va yoshlar masalalari bo‘yicha Hukumatlararo komissiyalar majlislarini o‘tkazish orqali hamkorlikni yanada rivojlantirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Energetika, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
O‘zA