Mamlakatimizda O‘zbekiston Prezidenti saylovi qizg‘in davom etmoqda. Saylov uchastkalarida ovoz berayotgan saylovchilar gavjumligi, ayniqsa, yoshlar ko‘pchilikni tashkil etayotganini xalqaro kuzatuvchilar ham e’tirof etmoqda.

Kuzatuvchilar orasida, albatta, turli yosh va kasbdagi, shu jumladan, turli lavozimdagi shaxslarni ham uchratish mumkin.

Toshkent shahridagi 362-saylov uchastkasida o‘z oila a’zolari bilan ovoz bergan O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyevaning saylov haqidagi fikrlari  bilan qiziqdik.

– Saylov uchastkasiga kirib kelarkanman, bu yerdagi gavjumlik, ko‘tarinki kayfiyat e’tiborimni tortdi, – dedi Tanzila Norboyeva. – Bu aholining siyosiy ongi oshganini ko‘rsatadi.  Vatanimiz kelgusi taqdirini belgilab olish, ya’ni, ovoz berishdek mas’uliyatli ishni sidqidildan bajarayotgan yurtdoshlarimizning befarq emasligi meni juda xursand qildi. Bunday faollik nafaqat poytaxtimizda, balki barcha hududlarda ham shunday davom etmoqda. Buni saylov jarayonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga berayotgan ommaviy axborot vositalari orqali kuzatib boryapmiz. Aytib o‘tish kerakki, Prezident mamlakatimizda ichki va tashqi siyosatni olib borish, xalqimiz farovonligini ta’minlashdek mas’uliyatli vazifalarni amalga oshiruvchi eng asosiy va muhim  shaxs. Bu vazifalarni to‘laqonli olib borish, mamlakat barqarorligi va xavfsizligini ta’minlash oson ish emas. Shu jihatdan bugungi saylovning, munosib nomzodga ovoz berishimizning ahamiyati juda katta. Ishonamanki, saylov qonunchiligimizda belgilangan qonuniy tartibda bo‘lib o‘tadi va munosib nomzod unda g‘alaba qiladi.

Senat raisi saylov uchastkasida xalqaro kuzatuvchilar bilan ham muloqot qildi. Ular saylov ochiq-oshkora, yuqori saviyada o‘tayotgani haqidagi fikrlarini bildirdi.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA