O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvi davom etmoqda.

bugungi kunda Toshkent shahrida 40 dan ziyod teatr va muzeylar, 60 dan ortiq konsert, tomosha va kinozallar, ochiq maydonlar, 30 ga yaqin istirohat bog‘lari va xiyobonlar mavjud.

Bundan tashqari, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari, jumladan, Madaniyat va san’at instituti, Konservatoriya, Milliy musiqa san’ati instituti, Xoreografiya akademiyasi, Milliy estrada san’ati instituti ham Toshkent shahrida joylashgan.

–Ushbu ulkan salohiyatdan unumli foydalanib, poytaxtning 575 ta mahallasiga madaniyat ruhini yanada kengroq olib kirishimiz kerak. Shu bois har bir mahallada madaniy hayotni boyitish bo‘yicha takliflarni sizlar bilan baham ko‘rmoqchiman,– dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu borada Toshkent shahrida Madaniyatni keng targ‘ib qilish jamg‘armasi tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Ushbu Jamg‘arma hisobidan:

– har bir mahallada oyida kamida bir marta taniqli aktyor va xonandalar, san’at va adabiyot namoyandalari bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi;

– mahalla, park va ochiq maydonlarda sayyor spektakl va konsertlar tashkil qilinadi.

Bunga viloyat teatrlari, san’atkorlar, baxshilar, maqomchilar ham jalb qilinadi;

– shahar teatrlariga borish uchun, mahallalar orqali bepul biletlar tarqatiladi;

– haftada bir kun shahar muzeylariga kirish bepul bo‘ladi.

Madaniyat va san’at, til va adabiyot oliygohlari mahallalarda madaniy tadbirlarni tashkil qilishga bosh-qosh bo‘ladi. Ushbu tadbirlar “Mahalla” va boshqa telekanallar orqali keng yoritiladi.

–Umuman, bu ishlarimiz haqiqatda  “mahallada duv-duv gap bo‘lib”, milliy madaniyatimiz xalqimiz qalbidan chuqur joy olishiga ishonaman. O‘ylaymanki, shahar faollari ushbu takliflarimni qo‘llab-quvvatlaydilar,– dedi Shavkat Mirziyoyev. – Shu bilan birga madaniyat sohasiga ham e’tibor kuchaytirilib, 20 ta madaniyat markazi quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Kelgusi yillarda sirk binosi zamonaviy talablar asosida ta’mirlanadi hamda tarixiy Xadra maydoni qayta tiklanadi. 2023 yilda Toshkent shahrida “Xalqaro sirk san’ati” festivalini ham aynan shu maydonda o‘tkazishni taklif etaman.

Shuningdek, bolajonlarning yana bir sevimli maskani bo‘lgan Toshkent hayvonot bog‘i  davlat-xususiy sheriklik tamoyili bilan, yangi konsepsiya asosida tubdan rivojlantiriladi va poytaxtning eng gavjum go‘shalaridan biriga aylantiriladi.

 

O‘zA