Nukusda “Xalqaro qishloq ayollari kuni” munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi hamda Qoraqalpog‘iston kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Orolbo‘yining barcha tumanlaridan turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan qishloq ayollari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2007 yil 18 dekabridagi yig‘ilishida 15 oktyabr “Xalqaro qishloq ayollari kuni” deb rasman e’lon qilindi. bugungi kunda dunyoning ko‘plab davlatlarida mazkur sana xalqaro qishloq ayollari kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.

Mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy va ishlab chiqarishdagi ulushini oshirish, ularga munosib mehnat va yashash sharoitini yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

– bugungi kuni qishloq ayollariga barcha shart-sharoit yaratilib berilmoqda, – deydi Qo‘ng‘irot tumandagi “Oltinko‘z-Sartur” biolaboratoriyasi rahbari Turdigul Adenboyeva. – Qishloq xo‘jaligidagi uzoq yillik mehnatim munosib baholanib, mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bayrami arafasida menga “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik xodimi” faxriy unvoni topshirildi. Bu barcha qishloq ayollarining mehnatiga berilgan baho deb hisoblayman.

Tadbirda “Xalqaro qishloq ayollari kuni” munosabati bilan yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishi va qishloq xo‘jaligida samarali mehnati, jamoat ishlaridagi faolligi uchun bir guruh qishloq ayollariga diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Ularga bayram dasturxoni yozilib, san’at ustalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA