Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda so‘nggi yillarda amalga oshirayotgan tub islohotlar, viloyatdagi shahar va tumanlarga, olis qishloq va mahallalarga yangi hayot, yangi taraqqiyot kirib kelayotganini qayd etdi.

Ta’kidlanganidek, Toshkent viloyati tashkil topganiga 80 yil bo‘lsa-da, o‘zining ma’muriy markaziga ega emas edi. Bu esa hududni kompleks rivojlantirish, aholining mehnat qilishi va munosib yashashi uchun, jiddiy muammolar tug‘dirgan.

– Shu sababli yaxshi niyatlar bilan hudud markazini Nurafshon shahri deb nom berdik, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Nurafshon shahrida boshqa inshootlar bilan bir qatorda, viloyat ahlining munosib dam olib, ma’naviy hordiq chiqarishi uchun zamonaviy istirohat bog‘i, san’at saroyi, tarix muzeyi, ma’naviyat va ma’rifat maskanini ham barpo etamiz. Xumson qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan taraqqiyparvar olim, shoir va tarjimon Elbek “Millatning najoti – maktabda, muallimda”, deb bilgan. Abdulla Avloniyning shogirdi bo‘lgan adib, yangi usuldagi ko‘plab darslik va qo‘llanmalar yaratgan.

Uchrashuvda istiqlol fidoyisining nomini abadiylashtirish maqsadida Nurafshon shahrida ko‘rkam va zamonaviy kutubxona barpo etish va uni Elbek nomidagi viloyat markaziy kutubxonasi sifatida nom berish taklif etildi.

Shu bilan birga, Toshkent viloyatining ham o‘z teleradiokanalini tashkil etish vaqti kelgani aytib o‘tildi.

 

O‘zA