Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida Saylov jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari O.Pekos, ichki ishlar vazirining o‘rinbosari N.To‘raxo‘jayev, Kadastr agentligi direktori o‘rinbosari M. Mirmaqsudov va Davlat personallashtirish markazi rahbari U.Toshxo‘jayevlarning Saylov jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axborotlari tinglandi.

Komissiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi a’zosi Olesya Vechning bergan arizasiga muvofiq, u o‘z vazifasini bajarishdan ozod qilindi.  Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashining tavsiyasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Yusufbek G‘afurov 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi a’zosi etib tasdiqlandi.

Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 177 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchini akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha MSKga taqdimnomalar kiritildi. Turli xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlardan jami 177 nafar xalqaro kuzatuvchi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Shunday qilib,  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar umumiy soni 557  nafarni tashkil etmoqda. Markaziy saylov komissiyasi xalqaro kuzatuvchilarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida o‘z faoliyatlarini amalga oshirishi uchun mandatlarni qonunda belgilangan muddatda taqdim etmoqda.

Majlisda, shuningdek, 62 nafar mahalliy  OAV vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Endilikda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy OAV vakillari jami 1 ming 419 nafar,  xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari esa 146  nafarni tashkil etmoqda.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA