«Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan talablar va mexanizmlarning amaliyotda ishlashi bilan bog‘liq masalalarni davlat organlari va tashkilotlarda o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhining yig‘ilishi o‘tkazildi.

Aytib o‘tish joizki, Prezidentimizning 2024 yil 5 iyunda «O‘zbekiston Respublikasining «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonuni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorda qonun ijrosini samarali tashkil etish, qonun bilan belgilangan talablarni davlat organlari va tashkilotlarida joriy etishda xodimlarning huquq va manfaatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, qonunni amalga kiritishga har tomonlama va puxta tayyorgarlik ko‘rish kabi masalalar qamrab olingan.

Shu asosda qonun ijrosini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tuzildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Adliya vazirligi mazkur komissiyaning ishchi organlari etib belgilandi.

Qonunda belgilangan talablar va mexanizmlarning amaliyotda ishlashi bilan bog‘liq masalalarni davlat organlari va tashkilotlarda o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhlar ham tuzildi.

Adliya vaziri o‘rinbosari X.Meliyev rahbarligida o‘tkazilgan ishchi guruh yig‘ilishida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratildi.

Ishchi guruh a’zolari tomonidan mazkur qonunning mazmun-mohiyatini vazirliklar va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbar va mas’ul xodimlariga yetkazish hamda kelgusida bajariladigan vazifalar belgilab olindi.

N.Abduraimova, O‘zA