Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining maxsus iqtisodiy zonalar (MIZ) faoliyati samaradorligini oshirish va ularga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Ochiq va har tomonlama muhokama davomida ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, iqtisodiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va innovatsiyalarni jalb qilish, infratuzilmani rivojlantirish va aholi bandligini oshirish sohasida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirishda maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalariga muhim ahamiyat berilayotgani ta’kidlandi.

Keyingi yillarda qonunchilikni takomillashtirish va qulay investitsiya muhitini yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan muhim chora-tadbirlar natijasida 13 hududda 25 ta maxsus iqtisodiy zona faoliyat olib bormoqda. Ularda umumiy qiymati 47,1 trillion so‘mlik 650 ta loyiha amalga oshirildi.

Shu bilan birga, Senat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar hamda Senat Raisining mamlakat hududlariga tashriflari davomida tadbirkorlar bilan o‘tkazgan muloqotlari chog‘ida MIZ faoliyati samaradorligini pasaytiruvchi bir qator kamchiliklar aniqlangani alohida ta’kidlandi.

Zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasining strategiyasi uzoq muddatga mo‘ljallanmagani, shuningdek, eksport ko‘rsatkichlari pastligi bilan bog‘liq muammolardir.

Bundan tashqari, senatorlar maxsus zonalarni boshqarishning zamonaviy va samarali mexanizmlarini joriy etish muhimligini qayd etdi. MIZlarga investitsiyalarni jalb etish faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ijrosi holatiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Senatorlar «yo‘l xaritasi»ning qator bandlari to‘liq va o‘z vaqtida bajarilmagani uchun qator tegishli idoralarni tanqid qildi. Masalan, shu paytgacha MIZ direksiyalari xodimlari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etilmagan, zonalar hududida ishlab chiqarishni o‘z vaqtida yo‘lga qo‘yish, mahsulot eksport qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish va investitsiya majburiyatlari bajarilishini tezkor nazorat qilish imkonini beradigan yangi elektron tizim ishga tushirilmagan.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflar ham bildirildi. Xususan, sanoat zonalaridagi bo‘sh yer maydonlarini faqat to‘liq infratuzilma bilan ta’minlangandan hamda yer maydonlarini tayyorlash ishlari yakunlangandan so‘ng tadbirkorlarga ajratish tartibini ishlab chiqish, MIZ direksiyasi, ma’muriy kengashi faoliyati samaradorligini baholash hamda rag‘batlantirish tizimini joriy etish kabi masalalar shular jumlasidandir.

Senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan majlis yakunida qo‘mitaning taklif va tavsiyalari aks etgan qarori qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA