Navoiy viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini 2 barobarga oshirish choralari ko‘riladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev navoiylik saylovchilar bilan uchrashuvida bu borada alohida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, bu borada, birinchidan, kelgusi besh yilda foydalanishdan chiqqan 50 ming gektar yer o‘zlashtirilib, meva-sabzavotchilik va chorvachilik rivojlantiriladi. Bu qariyb 35 ming aholini ish bilan ta’minlash imkonini beradi. Bunda elektr tortish va quduq qazish xarajatlarining 50 foizi byudjetdan qoplab beriladi.

Qiziltepa, Karmana, Navbahor va Xatirchida 14 ming gektarda yangi tokzorlar hamda 5 ming gektarda intensiv bog‘lar barpo etiladi. Natijada 20 mingdan ortiq aholi band bo‘ladi.

Viloyatda ming gektarda zamonaviy issiqxonalar ishga tushiriladi va 3 ming xonadonda ixcham issiqxonalar quriladi. Bu orqali 7 mingdan ortiq aholi bandligi ta’minlanadi.

Ikkinchidan, viloyatda 9 million gektarga yaqin yaylovlar mavjud bo‘lib, chorvachilikni rivojlantirish uchun juda katta imkoniyat bor.

Konimex, Tomdi va Uchquduq hududidagi yaylovlarda yaroqsiz 120 ta quduq byudjet hisobidan tiklanadi.

Tomdida 3 ming boshga mo‘ljallangan tuyachilik, Uchquduqda 4 ming bosh yilqichilik komplekslari ishga tushiriladi.

Konimex tumanida 2 ming 300 gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, qoramol soni 500 boshdan kam bo‘lmagan yangi chorvachilik loyihalariga tanlov asosida beriladi.

Viloyatda baliq yetishtirish hajmi 3 barobarga ko‘paytirilib, 40 ming tonnaga yetkaziladi.

Uchinchidan, kelgusi besh yilda 57 ming gektar maydonning suv ta’minoti va 45 ming gektarning meliorativ holatini yaxshilash choralari ko‘riladi. Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 58 ta mahallada 2 mingta quduq qazib beriladi.

Shuningdek, 106 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinadi va 109 ming gektar ekin yerlarini lazerli tekislash yo‘lga qo‘yiladi. Bu 500 million kub metr suvni iqtisod qilish imkonini beradi.

Shu bilan birga, 51 million dollar hisobiga 20 ta nasos stansiyasi modernizatsiya qilinadi.

O‘zA