Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev navoiylik saylovchilar bilan uchrashuvda viloyatda malakali kadrlar tayyorlash masalasiga alohida to‘xtaldi.

– Kelgusi besh yilda Navoiy viloyatida 12 ming oliy, ishchi kasblar bo‘yicha 40 ming o‘rta ma’lumotli mutaxassislarga talab bo‘ladi. Shu sababli Navoiy viloyatini muhandis mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha respublika markaziga aylantirish dasturini amalga oshiramiz. Buning uchun Navoiy konchilik instituti negizida qariyb 15 ming talabani o‘qitadigan Politexnika universiteti tashkil etiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, Navoiy davlat pedagogika instituti quvvati qo‘shimcha 6 ming o‘ringa kengaytiriladi. Natijada viloyatda 20 ta yangi yo‘nalish ochilib, oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 37 foizdan 60 foizga yetkaziladi.

Aholini kasb-hunarga o‘qitishning mutlaqo yangi tizimi tashkil etiladi. Bunda, viloyatdagi 60 ta kasb-hunar maktabi va markazlari, monomarkaz o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlaydigan Navoiy kon-metallurgiya kombinati va “Navoiyazot”ga biriktiriladi.

O‘zA