Shavkat Mirziyoyev viloyat qishloq xo‘jaligi sohasidagi istiqbolli rejalarni ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi uch yilda viloyatda sabzavot maydonlari 35 ming gektarga kengaytirilgan va 10 ming gektarda intensiv bog‘lar, tokzor va issiqxonalar barpo etilgan.

Jumladan, Termiz, Sariosiyo va Sho‘rchi tumanlarida 150 gektarda limon, Sherobodda 3,1 ming gektarda anor va Bobotog‘ hududida 2,7 ming gektarda pista  plantatsiyalari barpo etildi.

Natijada viloyatning meva-sabzavotlar eksporti so‘nggi uch yilda 2 barobar oshib, 100 million dollarga yetdi.

Viloyat salohiyatini to‘liq ishga solib, ushbu ko‘rsatkichni kamida 500 million dollarga yetkazish mumkin.

Buning uchun viloyatning bebaho tabiatidan foydalanib, ertaki mahsulotlarni yetishtirish orqali, yiliga 3 marta hosil olish zarur.

Masalan, so‘nggi yillarda Angor tumanida 6,5 ming gektarda ertaki ekin sifatida ko‘kat, karam, brokkoli, qizil lavlagi, bulg‘or qalampiri kabi mahsulotlarni yetishtirmoqda. Bundan tashqari, 21 ming aholi xonadonidagi 2,3 ming gektar tomorqada ham ushbu eksportbop ekinlar ekilmoqda.

Buning hisobiga, tumanda joriy yilning o‘zida qariyb 10 million dollarlik mahsulotlar eksport qilingan.

Kelgusi besh yilda Angorda eski bog‘ va tokzorlar hamda yangi o‘zlashtiriladigan yerlar hisobidan ertaki ekinlar maydoni 20 ming gektarga va eksport hajmi yiliga 25 million dollarga yetkaziladi.

Shuningdek, tumanda 1 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari ochiq tanlov asosida, aholiga o‘rtacha 50 sotixdan uzoq muddatga ijaraga beriladi va 2 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratiladi.

Angor misolida, boshqa tumanlarda xam jami 50 ming gektar maydonda ertaki ekinlar yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, eksport hajmi yiliga 100 million dollarga yetkaziladi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu yetishtirilgan ertaki meva-sabzavot mahsulotlarni tezkor eksportga yuklash tizimini tashkil qilish maqsadida, Eksportni rag‘batlantirish agentligi qoshida Surxondaryo viloyati uchun alohida jamg‘arma tuzilib, har yili 100 million dollar mablag‘ yo‘naltirilishini ma’lum qildi.