Shavkat Mirziyoyev viloyat saylovchilari bilan uchrashuvda bu borada kelgusi besh yilga mo‘ljallangan rejalarni ma’lum qildi.

Avvalo, 2022-2026 yillar Surxondaryoda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash besh yilligi deb e’lon qilinadi.

Buni amalda ro‘yobga chiqarish uchun kelgusi besh yilda viloyatda 1 ming 700 kilometr ichimlik suv tarmoqlari va 96 ta suv inshootlari barpo etiladi.

“Mega” loyiha – To‘palang suv omboridan Termizgacha 361 kilometr magistral suv tarmog‘i quriladi. Bunga 138 million dollar ajratiladi.

Muzrabot va Sherobod tumanlarida ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi, Termiz shahrining oqova suv tizimi rekonstruksiya qilinib, Sariosiyo, Denov, Jarqo‘rg‘on, Muzrabot, Sherobod, Qumqo‘rg‘on, Oltinsoy, Sho‘rchi tumanlarida oqova suv tizimlari barpo etiladi.

Mazkur ishlar orqali viloyatda markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 57 foizdan 80 foizga yetkaziladi va 800 ming aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, 870 ming aholining suv ta’minoti yaxshilanadi, kanalizatsiya xizmati bilan ta’minlanish darajasi 4 foizdan 22 foizga yetadi. Bu maqsadlarga 5,5 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

 

O‘zA