Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

Tadbirni nomzodning Surxondaryo viloyati bo‘yicha ishonchli vakili A.Eshmuratov ochdi. So‘z Shavkat Mirziyoyevga berildi.

– Surxon – ko‘hna sivilizatsiyalar, boy tarix va madaniyatni mujassam etgan qadimiy zamin. Tarixda Boxtar, Tohariston, Chag‘oniyon kabi davlatlar, Kushondek buyuk imperiyalar aynan shu hududda gullab-yashnagan. Fayoztepa, Qoratepa, Dalvarzintepa, Xolchayon kabi arxeologik manzilgohlar bu zamin buddizm markazi sifatida shuhrat qozonganidan dalolat beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

bugungi kunda Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Tailand, Laos kabi mamlakatlarda buddizmga e’tiqod qiladigan millionlab odamlar uchun bunday yodgorliklar hali ochilmagan qo‘riq bo‘lib turgani qayd etildi.

Shu bilan birga keyingi yillarda Surxon vohasidan yetishib chiqqan Iso Termiziy, Hakim Termiziy, Varroq Termiziy, Sobir Termiziy, Alouddin Attor, So‘fi Olloyor singari buyuk va mashhur olimu ulamolar, shoir va adiblar xotirasiga ehtirom ko‘rsatish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev Oltinsoy tumanidagi So‘fi Olloyor maqbarasini obod qilish, bu yerda ziyoratchilar uchun qulayliklar yaratish, shuningdek, Sulton Saodat majmuasini tubdan yangilash ishlari boshlanganiga to‘xtalib o‘tdi.

Viloyatdan yetishib chiqqan O‘zbekiston Qahramonlari, olimlar, adiblar, sportchilar, taniqli tadbirkorlar, klaster rahbarlari va fermerlarning nomlarini alohida qayd etdi.

– Surxondaryodagi ming-minglab bunday fidoyi yurtdoshlarimiz timsolida biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda faol ishtirok etayotgan surxondaryolik chinakam vatanparvar insonlarni ko‘ramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.