Prezident sayloviga ham sanoqli kunlar qoldi. Bo‘lajak saylovni har tomonlama puxta tayyorgarlik asosida o‘tkazilishida jamoat tartibi va jamoat xavfsizligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.

O‘tkaziladigan har bir tadbir, unda ishtirok etuvchilar xavfsizligi,   binolarni tayyorlanishi, yong‘in xavfsizligiga rioya qilinishi, tartib intizom asosida ish olib borilishi ko‘zlangan natijaga erishishda muhim o‘ringa ega.

Saylov Kodeksining 49-moddasiga asosan Jamoat tartibini saqlash, saylov o‘tkaziladigan binolar va joylarni qo‘riqlash, shuningdek, saylov natijalariga doir hujjatlarni tashish chog‘ida uchastka saylov komissiyalari a’zolarini kuzatib borish tegishli vakolatli organlarning zimmasiga yuklatilishi belgilangan.

MSK a’zolarining qayd etishicha, 2019 yilda o‘tkazilgan Parlament va mahalliy Kengashlar saylovlarida saylov komissiyalari bilan ichki ishlar, milliy gvardiya hamda favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimlari hamkorligi yaxshi samara bergan.

Ayniqsa, saylov byulletenlarini yetkazib berish va saqlash, ovoz berish jarayonida jamoat tartibini saqlash hamda ovoz berish yakunlarini tegishli saylov komissiyalariga yetkazish bilan bog‘liq masalalar tizim xodimlari tomonidan yuqori saviyada bajarilgan.

Ma’lumki, ushbu organlar o‘z faoliyatida Qonuniylik, yagonalik, Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlar, erkinliklar va  qonuniy manfaatini hurmat qilish prinsipi, ochiqlik va shaffoflik prinsipi asosida ish olib boradilar.

Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida Markaziy saylov komissiyasi qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda FVV jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi tomonidan saylov okruglari va uchastkalari hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tadbirlar Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Qarorga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyasi saylov okruglari va uchastkalari hududlarida, komissiya joylashgan binolarda, shu jumladan ovoz berish binolarida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodimlarini  biriktiradi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan eslatma bilan jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodimlarini ta’minlaydi. Mas’ul xodimlariga ularning jamoat xavfsizligini ta’minlashdagi vazifalari, huquq va majburiyatlari bo‘yicha tushuntirishlar berilishini va o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilishini tashkil etadi.

Jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodim vazifasi nimadan iborat?

Saylov byulletenlari olingan kundan e’tiboran byulletenlar hamda boshqa hujjatlar saqlanadigan binoning qo‘riqlanishini ta’minlaydi. Binolar va joylarni qo‘riqlovi milliy gvardiya va ichki ishlar organlarining hududiy rahbarlari tomonidan tasdiqlangan navbatchilik jadvali asosida komissiyalarning kundalik ish faoliyati tugagan vaqtdan e’tiboran keyingi kundagi ish faoliyati boshlanguniga qadar amalga oshiriladi.

Okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolari kuzatuvi ostida saylov natijalariga doir hujjatlarni transport vositasida tashish jarayonida xavfsizlikni ta’minlaydi. Saylov kuni xizmat faoliyatini ovoz berish binosiga kirmagan holda olib boradi.

Saylovchilarning yashirin ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligini, shuningdek saylov jarayoni ishtirokchilarining qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklarini buzmagan holda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘radi.

Jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodimga quyidagilar taqiqlanadi

Saylovchilar, kuzatuvchilar va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilariga ta’sir o‘tkazish, saylovchi saylov byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasiga kirish, biron-bir tashviqot materialini yoki adabiyotini tarqatish, saylovchilardan ular qanday ovoz berganligini surishtirish yoki saylovchilarga saylov byulleteniga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish ta’qiqlanadi.

Shuningdek, saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilarini muhrlashga, ularni ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashishi, saylov komissiyasining majlislarida ishtirok etishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari saylov okruglari hududida mazkur qarorga muvofiq jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatadi.

bugungi kunda saylov uchastkalariga biriktiriladigan ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari uchun Eslatmalar hududlarga yetkazilgan. Har bir saylov uchastkasini yong‘in xavfsizligini ta’minlash masalalari nazoratdan o‘tkazilgan. Yong‘inga qarshi vositalar bilan ta’minlangan.

 

O‘zA muxbiri

Nurillo NASRIEV

tayyorladi