Asrlar mobaynida yagona tarixiy-madaniy makonda yashab kelgan o‘zbek va turkman xalqlarini umumiy diniy qadriyatlar, urf-odat va an’analar o‘zaro bog‘lab turadi.

bugungi kunda qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik aloqalari ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga, o‘zaro yaqin savdo-iqtisodiy va  gumanitar hamkorlikka asoslangan.

Ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi va  ishonchi O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlarining yanada rivojlanishi va mustahkamlanishida muhim rol o‘ynamoqda.

Ma’lumki, Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatidagi xorijga ilk tashrifi 2017 yil mart oyida Turkmanistonga amalga oshirilgan edi. Tashrif yakunlari bo‘yicha tarixiy ahamiyatga ega hujjat  – Strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, umumiy qiymati 150 million dollarlik shartnomalar imzolangandi.

2018 yil aprelda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning mamlakatimizga tashrifi chog‘ida Toshkent shahrida “Ashxobod” bog‘i va Maxtumquli ko‘chasi, Xorazm viloyatida O‘zbek-turkman do‘stlik uyi va “Ulli hovli” majmuasining ochilishi xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, birlik va madaniy yaqinlikning yorqin namunasi bo‘ldi.

Bundan tashqari, ikki davlat hukumatlari va vazirliklari darajasida o‘zaro yaqin aloqalar o‘rnatildi. Xususan, 2020 yil noyabrda O‘zbekiston – Turkmaniston parlamentlararo do‘stlik guruhlarining videokonferensiya shaklidagi birinchi qo‘shma yig‘ilishi o‘tkazilgan bo‘lsa, shu yil mart oyida Turkmaniston Majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha videomuloqot ko‘rinishidagi Oliy Majlis parlamentlararo do‘stlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yil may oyida Toshkent shahar hokimligi delegatsiyasi Ashxabod shahrining 140 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro uchrashuvda ishtirok etdi. Shuningdek, sentyabrda Turkmanistonning Lebap viloyati delegatsiyasi Buxoro viloyatiga, Toshhovuz viloyati vakillari Xorazmga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Turkmaniston tomoni  viloyatlarimizning sayyohlik salohiyati bilan yaqindan  tanishib, chegaralararo hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Turkmaniston O‘zbekistonning savdo-sotiq bo‘yicha muhim strategik sherigi hisoblanadi. 1996 yildan buyon Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Turkmaniston hukumatlararo qo‘shma komissiyasi faoliyat olib bormoqda.

Shu yil 14 sentyabr kuni Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning o‘n oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar iqtisodiyotning turli tarmoqlarida o‘zaro kooperatsiyani chuqurlashtirish va gumanitar aloqalarni kengaytirishga doir masalalarni muhokama qildilar.

Shu bilan birga, o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatori chegaralararo savdoni rivojlantirish, ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash, mamlakatlarimizning tranzit salohiyatini oshirish xususida to‘xtalib o‘tildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik haqida so‘z borganda, so‘nggi besh yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi qariyb 2,5 barobar o‘sib, 2020 yilda 527 million dollarni tashkil etganini alohida ta’kidlash joiz.

2021 yil yanvar – avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkmanistonning o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 418,1  million dollarni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich 2020 yilning mos davriga nisbatan 23,6 foizga o‘sgan.

Joriy yilning sakkiz oyida O‘zbekistondan Turkmanistonga kimyo mahsulotlari, mashina va uskunalar, oziq-ovqat ko‘rinishidagi mahsulotlar eksport qilingan bo‘lsa, qo‘shni mamlakatdan elektr energiyasi, neft va kimyo mahsulotlari, oziq-ovqat va xizmatlar  import qilindi.

O‘zbekiston va Turkmaniston savdo-sanoat palatalari ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish maqsadida muntazam ravishda kichik va o‘rta biznes vakillari o‘rtasida qo‘shma tadbirlar, biznes forumlar, kooperatsion birjalar, ko‘rgazma-yarmarkalar tashkil  etishga hissa qo‘shmoqda.

O‘tgan yili oktyabrda O‘zbekiston va Turkmaniston Ishbilarmonlar kengashining ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokida videokonferens-aloqa shaklidagi birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Transport va logistika sohasi hamkorligimizning yana bir ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Ayniqsa, tijorat maqsadida ikki mamlakat avtomobil va temir yo‘llari orqali uchinchi mamlakatga tranzit yuklari tashiladi.

Xususan, joriy yilning sakkiz oyida xalqaro yuk tashish hajmi umumiy hisobda qariyb 13,5 foizga o‘sib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘rtacha 1,2 million tonna ko‘pni tashkil etdi. Shundan avtomobillar orqali yuk tashish hajmi – 10,5 foizga, temir yo‘l orqali – 34,4 foizga oshdi.

Ikki mamlakat kommunikatsiya tizimlarining integratsiyasi nafaqat O‘zbekistondan Turkmanistonga,  balki Yaqin va O‘rta Sharq savdo bozorlariga eng qisqa yo‘l orqali chiqish imkoniyatini yaratadi. Shu bois, mamlakatlarimiz  transport va logistika yo‘nalishlarini diversifikatsiyalash masalalarini bir ovozdan ma’qullaydi. Ashxobod shartnomasi doirasida “Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Ummon – Hindiston” submintaqaviy transport yo‘lagi shakllantirilmoqda. Bu kelgusida tashqi bozorlarga muqobil chiqish yo‘li sifatida xizmat qiladi.

Bundan tashqari, birgalikda “Xitoy – Markaziy Osiyo – Kaspiy dengizi – Janubiy Kavkaz – Yevropa” yo‘nalishini shakllantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklari bildirildi. Ushbu transport yo‘lagi  Gruziya, Turkiya, Ruminiya va boshqa qator mamlakatlarning Qora dengiz portlariga kirib borishini ta’minlashga mo‘ljallangan.

O‘zbekiston – Turkmaniston ikki tomonlama munosabatlarining ustuvor yo‘nalishlaridan yana biri madaniy-gumanitar hamkorlikdir.

bugungi kunda  O‘zbekiston va Turkmaniston vakillari har ikki mamlakatda o‘tkaziladigan madaniyat kunlari, turli konsertlar, festivallar, sport tadbirlari va ta’lim dasturlarida faol ishtirok etmoqda.

Xususan, 2019 yilda Turkmanistonda MDH ziyolilari forumi va Salomatlik forumi, O‘zbekistonda “Sharq taronalari” va Xalqaro hunarmandlar festivallari bo‘lib o‘tdi.

Turkmaniston va O‘zbekiston san’ati va madaniyati vakillari 2020 yilda murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, onlayn va an’anaviy shaklda  o‘zaro aloqalarni saqlagan holda, joriy yil Turkmanistonda Xalq raqslari festivali, mamlakatimizda esa “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida”  xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda turkman millatiga mansub qariyb 200 ming aholi yashaydi. Shu bilan birga, yurtimizda turkman tilida ta’lim beradigan jami 61 ta maktab mavjud, unda qariyb 8 ming nafar turkman bolalari tahsil oladi. Shundan, jami 21 ta maktabda ta’lim to‘liq turkman tilida olib boriladi.

2019-2020 o‘quv yilida yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlarida Markaziy Osiyo mamlakatlaridan jami 3800 nafar talaba tahsil olgan bo‘lsa, shundan 80 foizi Turkmaniston yoshlaridir.

Ayni paytda turkmanistonlik talabalarning asosiy qismi Urganch, Qoraqalpoq, Buxoro va Qarshi davlat universitetlari, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialida tahsil oladi.

Umuman olganda, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning o‘sish sur’atlari konstruktiv siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish borasidagi qat’iy pozitsiyasini tasdiqlaydi.

Mamlakatlarimizning strategik sherikligi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan bo‘lib, qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar zamonaviy dunyoda qanday rivojlanish mumkinligiga yorqin misol bo‘lib xizmat qiladi.

 

Ares Bаyazitov,

Markaziy Osiyo xalqaro instituti

bosh ilmiy xodimi,  

Zulfiya Turanazarova,

yetakchi ilmiy xodim