«Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abduhalimov Bahrom Abdurahimovich 2021 yil 29 sentyabr kuni Nukus shahrida joylashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashdi.
“Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi xabariga ko‘ra, uchrashuvda partiya xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari va mahalliy Kengash deputatlari, faollar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuvni nomzodning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha ishonchli vakili – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori Alniyazov Aytmurat Ismailovich ochib berdi va dastlab nomzodning tarjimai holi, mehnat faoliyati xususida keng tushunchalar berdi.
So‘ngra so‘zga «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abduhalimov Bahrom Abdurahimovich chiqib, o‘z saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor masalalar: qonun ustuvorligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sud-huquq kabi sohalarni yanada taraqqiy ettirishda adolat tamoyillarga asoslangan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish va olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda nomzod va uning saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlab mahalliy Kengash deputatlari, yoshlar va xotin-qizlar vakillari, turli soha mutaxassislari o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari nomzod Bahrom Abduhalimovdan o‘zlarining qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.
Kunning ikkinchi yarmida «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abduhalimov Bahrom Abdurahimovich ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limida yosh olimlar bilan birgalikda davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbati davomida bugungi kunda yosh olimlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, loyihalari, g‘oya va fikrlari, mavjud muammolari yuzasidan suhbat o‘tkazildi.