Bag‘dod tumani Guliston mahallasida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.

Shavkat Mirziyoyev ushbu muloqotdan maqsad o‘tgan besh yilda amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilib, viloyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha istiqboldagi rejalarni belgilash ekanini ta’kidladi.

– O‘tgan besh yilda amalga oshirgan ishlarimizni xalqimiz qanday qabul qilayapti, qanday yutuqlarga erishdik, shu bilan birga qanday saboq, xulosalar chiqardik – bu muhim. Chunki bugungi O‘zbekiston xalqi – kechagi xalq emas, Farg‘ona ahli ham kechagi Farg‘ona xalqi emas, va albatta, Prezident ham kechagi Prezident emas. Ko‘p narsalarni o‘rgandik, saboq chiqardik. Bo‘lajak saylovga ham hammamiz taraddud ko‘rayapmiz. Chunki shunday katta yurtga, buyuk o‘zbek xalqiga rahbar bo‘lish ulkan sharaf.  Ayni paytda juda katta mas’uliyat va javobgarlik.

Bir narsani bilinglarki, qilgan ishlarimiz – tarix. Endi yangi talab bilan katta-katta ishlarni amalga oshirishimiz kerak. Negaki, yoshlarimiz o‘sib kelayapti, xalqimiz bizdan yanada buyuk ishlarni kutayapti. Mana shu ishlarga bel bog‘lashda men farg‘onaliklarning ham katta madadiga suyanaman. Sizlardan iltimosim, kimda qanday taklif bo‘lsa aytsangiz menga oson bo‘ladi, saylovoldi dasturimiz mukammal bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

O‘zA