O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning ishonchli vakili Ulug‘bek Razzoqov Navoiy shahrida saylovchilar bilan uchrashdi.

Dastlab uchrashuv ishtirokchilariga Narzullo Oblomurodovning tarjimai holi o‘qib eshittirildi.

Ishonchli vakil bugungi shiddatli o‘zgarishlar davrida davlat va jamiyat boshqaruvining huquqiy-tashkiliy asoslarini umuminsoniylik tamoyillari asosida takomillashtirish, davlat hokimiyati hamda boshqaruv organlarida demokratik tizimni tashkil etish asosiy vazifaga aylanishi lozimligini ta’kidlagan holda nomzodning saylovoldi dasturidagi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Prezidentlikka nomzod o‘z dasturida mamlakatni barqaror rivojlanishini ta’minlash, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiyani rivojlantirish hamda iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Shuningdek, dasturda iqlim o‘zgarishlariga moslashish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi hududini yanada rivojlantirish, davlat va jamiyat boshqaruvi, sud-huquq tizimida islohotlar samaradorligini oshirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ilm-fan va madaniy-ma’rifiy sohalarni yanada rivojlantirish, shuningdek, tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlari ham asosiy o‘rin egallaydi.

Uchrashuvda ishonchli vakil har bir yo‘nalish mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalar ekan: Nomzodimizning “Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori ostida saylovoldi dasturining bosh maqsadi – mamlakatda ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil taraqqiyot tamoyillarini keng joriy etish orqali xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlari hamda farovon jamiyat barpo etishdan iboratdir, deya ta’kidladi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar aholini saylovda faol ishtirok etib Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodovga ovoz berishga chaqirdi.

 

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA