Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning namanganlik saylovchilar bilan uchrashuvi davom etmoqda.

Qayd etilganidek, to‘qimachilik sanoatida Pop, Uychi tumanlari va Namangan shahrida besh yilda 2 milliard dollarlik 1 ming 700 dan ziyod loyihalar ishga tushiriladi.

– Namangan shahri, To‘raqo‘rg‘on va Chortoq tumanlarida 313 gektar maydonda “Namangan Tekstayl” industrial zonasi tashkil qilinib, 560 million dollarlik 22 ming ish o‘ringa mo‘ljallangan 710 ta loyiha amalga oshiriladi. Sport kiyimlari, yozgi va qishki ustki kiyim, jinsi kabi eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishga yetakchi jahon brendlari jalb qilinadi.

Shuningdek, Namangan muhandislik-texnologiya instituti negizida, Italiya, Fransiya, Koreya va boshqa rivojlangan davlatlarning ilg‘or to‘qimachilik oliygohlari bilan birga, Namangan to‘qimachilik sanoati instituti tashkil etiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

O‘zA