Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi va O‘zbekistondagi YUNISEF tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ImkonLab (UPSHIFT) – ijtimoiy innovatsiyalar va ijtimoiy tadbirkorlik uchun ko‘nikmalarni rivojlantirish dasturi o‘z ishini boshladi. Ushbu dasturni amalga oshirish natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus, Mo‘ynoq, Bo‘zatov, Qo‘ng‘irot tumanlari yoshlari kasbiy mahorat va ko‘nikmalarini startap loyihalarda qo‘llash imkoniga ega bo‘ladi.

Dastur doirasida yoshlar tomonidan taqdim etilgan eng yaxshi kichik hajmdagi startap loyihalari YUNISEF tashkiloti tomonidan moliyalashtiriladi. Loyihani amalga oshirish to‘g‘risida Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markaz va YUNISEF o‘rtasida shartnoma tuzildi.

Birinchi saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan Bo‘zatov tumani yoshlar jamoalari tomonidan hududda dehqonchilik salohiyatining kamayishi, tabiiy gaz yetishmasligi bois daraxtlar kesilishi, ishsizlik muammosi, uy sharoitida g‘isht ishlab chiqarish texnologiyasi, toza ichimlik suvining yetishmasligi kabi ijtimoiy masalalarning yechimlariga doir original g‘oyalari taqdim etildi.

Taqdimot natijalariga ko‘ra, 5 jamoaning har biri o‘z g‘oyalarini amalga oshirishi uchun 1000 AQSH dollari ekvivalentidagi pul mablag‘lari bilan moliyalashtirildi.

O‘z ishini muvaffaqiyatli boshlagan startaplar Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e’lon qilinadigan startap loyihalar tanlovlarida ishtirok etishi belgilangan.

 

Muhayyo  Toshqorayeva, O‘zA