Prezidentlikka nomzod o‘z dasturida nogironligi bor shaxslarning huquqlarini takomillashtirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
– Jamiyatimizda nogironligi bor shaxslar bu real hayot. Ular ham xuddi siz va menga o‘xshagan shu mamlakatning fuqarosi, teng huquqli insonlar. Qashqadaryo viloyatida 59 ming 282 nafar nogironligi bor shaxslar bor. Lekin ularga biz o‘zimiz bilan teng sharoit yaratib bera oldikmi? Ular ham kutubxonalarga borish, do‘konlarga kirish, jamoat transportlarida erkin yurish imkoniyatlaridan to‘liq foydalana olyaptimi? Afsuski buning uchun ularning oldida qarzdormiz.
Partiyamiz nogironligi bo‘lgan shaxslarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, maqsadida, “To‘siqsiz hayot” davlat dasturini va ularni ish bilan ta’minlash maqsadida “Nogiron shaxslar bandligiga ko‘maklashish” davlat dasturini qabul qilishni zarur deb hisoblaydi.
Yana bir masala, nogironlar faoliyat yuritadigan korxonalarimiz bor. Mana shu korxonalarga davlat buyurtmalarini shakllantirishmiz kerak. Bozor iqtisodiyoti sharoitida yashayapmiz. Nogironlar ishlaydigan korxonalar o‘zini-o‘zi o‘nglab olishi qiyin. Shuning uchun ularga davlat buyurtmasi hisobidan yordam bersak, ular ham birovga tobelikdan qutuladi. O‘zini-o‘zi eplab ketishadi.
Shuningdek, nogiron bolani tarbiyalayotgan onalar. Xalqimizda shunday xislat borki, nogiron bolasi bo‘lsa ham u qanday bo‘lishidan qat’iy nazar bolalar uyi yoki maxsus internatlarga berishdan or qiladi. Nima bo‘lsa ham o‘zi tarbiyalashga harakat qiladi. To‘g‘ri, davlat nogiron bolaga nafaqa to‘laydi. Lekin shu bolaning parvarishi bilan mashg‘ul bo‘lgan onaga hech qanday nafaqa to‘lanmaydi. Lekin shu davrda ona ham qandaydir daromadga ega bo‘lishi kerakku. Taklifimiz nogiron bolani tarbiyalayotgan ota yoki onaga ham, albatta davlatdan nafaqa to‘lanishi kerak.
Qashqadaryo viloyatida 2 ming 300 nafar 3-guruh nogironi bor. Amaldagi tartibga ko‘ra, ularga nafaqa belgilanmagan. Bizning taklifimiz fuqaro 3-guruh nogironi bo‘lsa ham unga nafaqa tayinlanishi kerak.
Bu borada eng muhim takliflarimizdan yana biri nogiron bolalar o‘qiydigan ta’lim muassasalari shart-sharoitni yaxshilash va sonini ko‘paytirish kerak deb hisoblaymiz. Ularni maxsus adabiyotlar, maxsus qo‘llanmalar bilan ta’minlashimiz zarur. Bu maqsadda shu sohadagi o‘quvchilarga imtiyozlar joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning mamlakat ijtimoiy hayotidagi ishtirokining muhim omillaridan biri umumiy savodxonligini oshirish maqsadida “Nogironlarni ta’lim olish kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish lozim bo‘ladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA