O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasining matbuot markazida muhim siyosiy jarayonda ommaviy axborot vositalari xodimlari va siyosiy partiyalar axborot xizmatlarining ishtiroki hamda uchastka saylov komissiyalarida muhim siyosiy jarayonga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, siyosiy partiyalarning axborot xizmati rahbarlari, blogerlar va “Kelajak liderlari” klubi a’zolari ishtirok etdi.

Brifingda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i Z.To‘rayev saylov jarayonida  ommaviy axborot vositalari xodimlari va siyosiy partiyalar axborot xizmatlarining ishtiroki haqida atroflicha ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Ch.Qurbonovning uchastka saylov komissiyalarida muhim siyosiy jarayonga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari hususidagi axboroti tinglandi.

Brifingdan qayd etildiki, okrug hududida tashkil etilgan 860 ta saylov uchastkasida yangi O‘zbekiston hayotidagi muhim siyosiy jarayonga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Jumladan, markazlashgan holda tayyorlangan barcha namunadagi banner, stend va peshlavhalar uchastka saylov komissiyalariga yetkazib berildi. Markaziy saylov komissiyasi yuborgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi, yangi chop etilgan o‘quv qo‘llanmalari, saylovga oid qonun hujjatlari to‘plami va huquqiy axborot materiallari, saylovga oid plakatlar barcha saylov uchastkalari kesimida taqsimot qilinib, tarqatildi.

Saylov kodeksiga muvofiq hududda saylov uchastkalari va uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlangach, okrug saylov komissiyasi a’zolari uchastka saylov komissiyalari faoliyatini milliy qonunchiligimiz doirasida tashkil etishga yaqindan ko‘maklashayotir. Ayni paytda saylov uchastkalarida milliy qonunchiligimiz asosida jihozlab, saylovchilarga qulay sharoit yaratish barobarida uchastka saylov komissiyalari a’zolari uyma-uy yurib, saylovchilarning yagona elektron ruyxatiga kiritilgan fuqarolarni xatlovdan o‘tkazish bilan ham shug‘ullanmoqda.

Brifingdan so‘ng ishtirokchilar okrug saylov komissiyasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

¬–Joylarda saylovga ko‘rilayotgan hozirlik va okrug saylov komissiyasining qizg‘in ish jarayoni bilan tanishuv biz, yoshlarning muhim siyosiy jarayon haqidagi tasavvurlarimizni yanada boyitdi,¬ – deydi “Kelajak liderlari” klubi a’zosi Surayyo Qodirova.¬ – O‘zimizni qiziqtirgan ko‘plab savollarga aniq javoblar oldik. Masalan, men Xorazm viloyatidanman. Termiz davlat universitetining pedagogika institutida o‘qiyman. Bu yil Prezident saylovida ilk marta qatnashaman. Shu bois anchadan buyon saylov kuni qayerda ovoz berishim qiziqtirayotgan edi. Okrug saylov komissiyasi a’zolaridan shu masalaga aniqlik kiritib oldim.

Shu kuni jurnalistlar, siyosiy partiyalarning axborot xizmati rahbarlari, blogerlar va “Kelajak liderlari” klubi a’zolari Termiz shahridagi uchastka saylov komissiyalari faoliyati bilan tanishdi.

Press-tur ishtirokchilari dastlab “Termiz” davlat muzey qo‘riqxonasi binosidagi 269-saylov uchaskasida bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Uchastka saylov komissiyasi raisi Nasiba Xo‘shshiyeva bilan bilan suhbatlashib, zamonaviy muhtasham binoda saylovchilarga yaratilayotgan sharoitlar va saylovga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan qiziqdi.

– Joriy yilning 24 oktyabr kuni saylov uchastkamizda Mehriobod mahallasi fuqarolari o‘z xoxish-irodasini erkin ifoda etadi, – ¬dedi N.Xo‘shshiyeva.¬ – Bu jarayonga puhta hozirlik ko‘rmoqdamiz. Milliy qonunchiligimizda saylov uchastkalari saylovga o‘n kun qolganda to‘liq tayyor bo‘lishi belgilangan. Chunki, shu kundan boshlab, muddatidan oldin ovoz berish boshlanadi. Bu kunni kutmasdan saylovchilar, xorijlik va mahalliy kuzatuvchilar, OAV vakillari uchun barcha qulayliklarni hozirlayapmiz. Kompyuterlarimiz tezkor internetga ulangan. Koimssiyamiz a’zolarini ko‘chalarga biriktirib, saylovchilarning yagona elektron ruyxatiga kiritilgan fuqarolarni xatlovdan ham o‘tkazayapmiz. Shuningdek, nogironligi bo‘lganlar va saylovda ilk marta qatnashadigan yoshlarimizni aniqlayapmiz.

Ma’lumotlarga ko‘ra, saylov kuni bu yerda 2 ming 800 dan ortiq saylovchining ovoz berishi kutilmoqda. Shu kungacha saylovda o‘z uyida turib ovoz berish istagini bildirgan 57 kishi va saylovlarda  ilk marta ishtirok etadigan 50 dan ortiq yigit-qiz aniqlandi. Saylov uchastkasi imkoniyati cheklanganligi sababli o‘z uyida ovoz berish istagi bo‘lgan saylovchilar uchun ko‘chma quti bilan ta’minlangan. Pandemiya sharoiti e’tiborga olinib, saylov uchastkasida ovoz beruvchilarning karantin qoidalariga rioya etishi uchun ham zarur choralar belgilangan.

Press-tur qatnashchilarida viloyat markazidagi Adib Sobir Termiziy nomli axborot-kutubxona markazida faoliyat yuritayotgan 244-saylov uchastkasi ham yaxshi taassurot o‘yg‘otdi. Bu yerda ishtirokchilar komissiya raisi va a’zolari bilan dildan suhbat qurdi. Ularga ajratilgan xonalar va yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Ish jarayoni bilan qiziqdi.

–  bugungi tadbir keng qamrovliligi bilan ahamiyatli bo‘ldi,¬ – deydi viloyat “Surxon tongi” va “Zarya surxana” gazetalari birlashgan tahririyati muxbiri Adolat Mo‘minova. – Brifingda saylovga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha olib borilgan so‘nggi ishlardan xabardor bo‘ldik. Okrug saylov komissiyasi faoliyati bilan yoshlarning tanishuvi ham barchaga yoqdi. Press-turda uchastka saylov komissiyalarida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, bu jarayonning ishtirokchisiga aylandik. Saylovning ochiq, oshkora o‘tishini ta’minlash uchun barcha qulayliklar yaratilayotganiga guvoh bo‘ldik. Bu tadbir saylovga ko‘rilayotgan hozirlik ishlarini xolis, keng yoritishimizda muhim ahamiyat kasb etadi.

Press-tur yakunida tadbir tashkilotchilari faol ishtirokchilarga yangi chop etilgan huquqiy va badiiy kitoblarni tuhfa qildi.

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, (O‘zA)