– Ishlayotgan xodimning pensiyaga chiqishida pensiya miqdorini tayinlash tartibi bugungi kun talablariga javob bermaydi.

Xususan, pensiyaga chiqayotgan fuqaroning pensiya miqdorini hisoblashda oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket besh yil uchun oylik ish haqi olinadi. O‘ylab ko‘ring shu adolatdanmi?

Lekin inson 20 yosh, 30 yosh, 40 yosh bo‘lganda u baquvvat, u sog‘lom ko‘proq daromad olgan, ko‘proq ishlagan. Pensiyaga chiqish oldidan qariydi, kuchsizlanadi, balki u bemor bo‘lishi mumkin va o‘z-o‘zidan kamroq daromad qilgan. Lekin unga pensiya tayinlashda ayni kam daromad olgan yillarni hisobga olyapmiz.  Albatta bu adolatdan emas.

Yoshga doir pensiya miqdorini belgilashda fuqaro ishlagan davridagi istalgan besh yilni o‘zi tanlash imkoniga ega bo‘lishi kerak. Pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal chegarasi, ya’ni pensiyani hisoblash bazaviy miqdori chegarasini oshirish mavzusi ham chuqur tahlil qiladigan masalalardan biri, – dedi XDP nomzodi.

– Bundan tashqari mavjud tizimlarga ko‘ra, ayollarning bitta bolasi uchun ta’tilda o‘tirgan vaqti pensiya davriga qo‘shiladi. Lekin o‘zbek oilasi serfarzand bo‘ladi. O‘zbek oilalarida kamida 2-3 nafardan farzandlar dunyoga keladi. Qolgan farzandlar tarbiyasi uchun ketgan vaqt hisobga olinmaydi. Shundan kelib chiqib biz ayollarga pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga bolasi 3 yoshga to‘lguncha uni parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqti to‘liq qo‘shib hisoblanishi haqidagi me’yorni qonunchilikka kiritish kerakligini taklif etamiz.

 

O‘lmas Barotov,

Jamshid Norqobilov (surat),  O‘zA