O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov 25 sentyabr kuni o‘zi tug‘ilib o‘sgan Samarqand viloyatida saylovchilar bilan uchrashdi.

Videoanjuman tarzida tashkil etilgan uchrashuvda viloyat, tuman va shahar studiyalarida partiya faollari, deputatlar, viloyat jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvni Ekologik partiya Samarqand viloyati kengashi raisi B.Abdullayev ochdi.

Nomzodning ishonchli vakili, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori Muhiddin Po‘latov yig‘ilganlarni N.Oblomurodovning tarjimai holi bilan tanishtirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod o‘z saylovoldi dasturi haqida ma’ruza qilmoqda.

– “Biz kelajak uchun javobgarmiz” degan hayotbaxsh g‘oya O‘zbekiston Ekologik partiyasi mafkurasining asosiy yo‘nalishi sanaladi, – dedi N.Oblomurodov. – Bu g‘oyani amalga oshirishda, qolaversa, izchil ekologik siyosatni olib borish va siyosiy tashabbuslarni tatbiq etishda, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, atrof-muhit va fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash, ekologik muammolarni hal etishda, tizimli o‘zgarishlarga yo‘naltirilgan amaliy choralarni ko‘rishda partiyaning prezidentlik saylovida ishtirok etishi nihoyatda muhim voqea hisoblanadi.

Butun dunyoda atrof-muhit va ekologik holat yildan-yilga o‘zgarmoqda. Global iqlim o‘zgarishlari, havo haroratining ko‘tarilishi, qurg‘oqchilik kabi ekologik tahdidlar bizning mintaqamizga ham bevosita daxldordir. Orol dengizining qurishi, yer va suv resurslaridan nooqilona foydalanish, biologik xilma xilliknining qisqarishi, o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondining yomonlashuvi, ko‘p miqdordagi sanoat va maishiy chiqindilarning to‘planishi ekologik muammolarni kundan kunga chuqurlashib borayotganidan dalolat bermoqda.

Nomzod dasturidagi muhim masalalar, xususan

-“yashil” iqtisodiyot tamoyillari asosida mamlakatni jadal rivojlantirishga yo‘naltirilgan siyosatni yuritish;

– aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovini kengaytirish, oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish hamda yangilarni qurish choralari ko‘rish;

– chiqindilarni qayta ishlashga qaratilgan davlat siyosatini kuchaytirish;

– iqlim o‘zgarishlariga moslashish, Orol fojeasi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish;

– atmosferaga tashlanmalarni kamaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish;

– jamiyatda yuksak ekologik madaniyatni shakllantirish, ona tabiatni, jumladan o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash, ularga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissini kuchaytirish;

– global va transchegaraviy ekologik muammolarni hal qilishda xorijiy davlatlar, avvalo Markaziy Osiyo davlatlari bilan har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratish kabi bugungi kunning nihoyatda dolzarb masalalari saylovchilarga manzur bo‘ldi.

N.Oblomurodovning qayd etishicha, dunyo miqyosida atmosferaga zaharli moddalar chiqarish ko‘payib bormoqda. Birgina yurtimizda har yili 2 million 200 ming tonnadan ortiq zaharli tashlamalar tushmoqda. Bu esa atrof-muhit musaffoligi, aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

– Statistik ma’lumotlarga ko‘ra,  koronavirus pandemiyasi sharoitida jahonda bir yilda 1,8-3 million kishi ushbu xastalik tufayli vafot etgan bo‘lsa, atmosferadagi zaharli moddalar sabab 7 million kishi olamdan o‘tmoqda. Bu bizdan ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratishni talab etadi. Shu sababli biz bu boradagi huquqiy tartiblarni kuchaytirish, alohida dasturlar ishlab chiqish tashabbusini ilgari suramiz.

Uchrashuv qatnashchilari nomzodning saylovoldi dasturidagi barcha yo‘nalishlar bugungi kunda nafaqat yurtimiz, balki butun dunyo ahli uchun ham dolzarb ekanligini ta’kidladilar va saylovchilarni N.Oblomurodovni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdilar.

 

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA