O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov bugun o‘zi tug‘ilib o‘sgan Samarqand viloyatida saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

Videoanjuman tarzida tashkil etilgan uchrashuvda partiya faollari, deputatlar, viloyat jamoatchiligi vakillari ishtirok etmoqda.Uchrashuvni Ekologik partiya Samarqand viloyati kengashi raisi B.Abdullayev ochdi.

Nomzodning ishonchli vakili, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori Muhiddin Po‘latov yig‘ilganlarni N.Oblomurodovning tarjimai holi bilan tanishtirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod o‘z saylovoldi dasturi haqida ma’ruza qilmoqda.

– «Biz kelajak uchun javobgarmiz» degan hayotbaxsh g‘oya O‘zbekiston Ekologik partiyasi mafkurasining asosiy yo‘nalishi sanaladi, – dedi N.Oblomurodov. – Bu g‘oyani amalga oshirishda, qolaversa, izchil ekologik siyosatni olib borish va siyosiy tashabbuslarni tatbiq etishda, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, atrof-muhit va fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash, ekologik muammolarni hal etishda, tizimli o‘zgarishlarga yo‘naltirilgan amaliy choralarni ko‘rishda partiyaning prezidentlik saylovida ishtirok etishi nihoyatda muhim voqea hisoblanadi.

 

G‘.Hasanov,  

A.Isroilov (surat), O‘zA