«Adolat» sotsial demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimovning Farg‘ona viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Muhammadjon Valiyev saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Farg‘ona tumanining 26-musiqa va san’at maktabida tibbiyot birlashmasi, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlari hamda mahalla fuqarolar yig‘ini faollari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Nomzod Bahrom Abduhalimovning saylovoldi dasturi mazmuni, maqsadi, taklif va tashabbuslarini saylovchilarga yetkazish topshirilgan ishonchli vakil Muhammadjon Valiyev avvalo, Farg‘ona tumanining so‘lim tabiati, mehnatkash aholisi va samimiyatini e’tirof etdi.

Saylovoldi dasturi 11 ta alohida yo‘nalishlarga bo‘lingan bo‘lib, har birida muhim masalalar, muammo va ularning yechimi, taklifi berilgan. Jumladan, «Ilm-fan – adolat va taraqqiyot omili» yo‘nalishida mamlakatimizda jahonning Gavay, Kanar orollari hamda Chilida joylashgan eng nufuzli observatoriyalari bilan raqobatlasha oladigan Maydanak observatoriyasidan unumli foydalangan holda astronomiya sohasida ajdodlarimiz ilmiy merosi an’analarini davom ettirish hamda yoshlarni ilm-fan va yuqori texnologiyalarga qiziqishini oshirish haqida so‘z boradi.

Ishonchli vakil har bir bandning ahamiyati, ertamiz egalarining kelajagiga ta’siri, tibbiyot, ta’lim, maktabgacha ta’lim tizimida kiritilishi ko‘zda tutilgan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Uchrashuv ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan ishonchli vakildan javob oldi.

Uchrashuv so‘ngida musiqa va san’at maktabida «Kelajagim uchun ovoz beraman» shiori ostida tashviqot tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda saylovchilar Prezident saylovida faol ishtirok etib, Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimovga ovoz berishga chaqirildi.

 

M. Sulaymonov, O‘zA