O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Maqsuda Vorisovaning Surxondaryo viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Alisher Pardayev Oltinsoy tumanidagi 15-musiqa va san’at maktabida saylovchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuv ishtirokchilari Maqsuda Vorisovaning tarjimai holi bilan tanishtirildi. Nomzodning saylovoldi dasturidagi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etildiki, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi oilalarni ijtimoiy turar joylar bilan ta’minlash, aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq tizimini joriy etish, asosiy oziq-ovqatlar narxlarini shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini qat’iy o‘rnatish, qishloq tumanlariga sanoatni olib kirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olingan.

Mamlakatda ijtimoiy tengsizlikning barcha ko‘rinishlariga chek qo‘yish uchun aholi qatlamlarining davlat va jamiyat hayoti, sud-huquq tizimida tenglik asosida ishtirok etishini ta’minlashga e’tibor qaratilgan. Dasturda pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchilarning hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishni kafolatlaydigan pensiya va ijtimoiy ta’minotning maqbul tizimini shakllantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqa tayinlash masalalari o‘z aksini topgan.

Shuningdek, viloyatning Uzun, Sariosiyo tumanlarida ham ishonchli vakilning saylovchilar bilan uchrashuvlari o‘tkazildi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar aholini saylovda faol ishtirok etib Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisovaga ovoz berishga chaqirdi.

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA