O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga ham 30 kun qoldi. Shu kunlarda xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi dolzarb bo‘lib turibdi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar kuzatuvchilarining saylovlarda ishtiroki oshkora demokratik saylovlarni o‘tkazishda muhim omil hisoblanadi. Barcha mamlakatlarda o‘tkazilayotgan saylovlarni kuzatish fuqarolar siyosiy huquqlarining, shu jumladan, saylash va saylanish huquqlarining ta’minlanishida muhim jihatdir.

Saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarning ishtirok etishi Saylov kodeksida belgilab qo‘yilgan.

Markaziy saylov komissiyasining “O‘zbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar to‘g‘risida”gi Nizomi mamlakatimiz saylovlarida xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar faoliyati tartibini belgilaydi.

Ushbu tartib quyidagi bosqichlarni qamrab oladi. Birinchi bosqich – bu xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarga taklifnomalarni yuborish jarayonidir.

Xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni taklif etish huquqiga ega bo‘lgan sub’ektlarga kimlar kiradi?

Birinchidan, Markaziy saylov komissiyasi. Saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilinganidan so‘ng MSK xorijiy davlatlar saylov organlari va xalqaro tashkilotlarga Tashqi ishlar vazirligi orqali taklifnoma yuboradi.

Ikkinchidan, Tashqi ishlar vazirligi. Vazirlik  o‘z tashabbusiga ko‘ra yoki davlat hokimiyati organlari, vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, boshqa tashkilot va muassasalar takliflariga ko‘ra saylovlarga xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni taklif etadi.

Uchinchidan, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar. Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar ham saylovlarda xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi sifatida ishtirok etish istagini bildirib, Tashqi ishlar vazirligiga murojaat etishi mumkin.

Ikkinchi bosqich – xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar  tomonidan tegishli hujjatlarni Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etishdan iborat. Bu borada saylovda xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun taklif etilgan, shuningdek, bunday istakni bildirgan xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar o‘z kuzatuvchilarining ro‘yxati, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari nusxalari, elektron foto suratlari hamda belgilangan shakldagi anketalarni Tashqi ishlar vazirligiga taqdim qiladi.

Bunda xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar tegishli hujjatlarni ovoz berish kunidan kamida o‘n kun oldin taqdim etishi lozim.

Uchinchi bosqich –  bu xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazishdir. Tashqi ishlar vazirligi tegishli xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining hujjatlarini ilova qilgan holda MSKga taqdimnoma kiritadi. MSK besh kunlik muddatda xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Akkreditatsiya qilingan xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarning ro‘yxati MSK ning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Xalqaro kuzatuvchilarni qaysi hollarda akkreditatsiya qilishni rad etish mumkin

Shu bilan birga saylov qonunchiligi xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilishni rad etish mumkin bo‘lgan  holatlarni ham ko‘zda tutadi. Xususan, akkreditatsiya uchun taqdim etilgan hujjatlar quyilgan talablarga javob bermasa, ya’ni hujjatlar belgilangan 10 kunlik muddatdan kech taqdim qilinsa, xorijiy (xalqaro) kuzatuvchining yoki uning nomzodini ko‘rsatgan tashkilotning faoliyati milliy qonunchilikka zid bo‘lsa yoki O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, xavfsizligi va milliy manfaatlariga xavf solsa xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazish  rad etiladi.

Akkreditatsiya qilingan xorijiy (xalqaro) kuzatuvchiga MSK tomonidan belgilangan shaklda mandat beriladi. Mandat xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun asos hisoblanadi.

Akkreditatsiya qilingan xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar saylov jarayonini kuzatishda bo‘lib o‘tayotgan saylov jarayonlariga baho berish uchun ma’lumot to‘plashadi, saylov jarayonini o‘rganishadi, saylov komissiyalari faoliyatini baholaydi.

bugungi kungacha Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 46 nafar, jumladan 40 nafar Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huqulari bo‘yicha byurosi Saylovlarni kuzatish missiyasining vakillari va 6 nafar xorijiy davlatlar  kuzatuvchilari  akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Yana 66 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazildi

Shu bilan birga  bugungi kunda  Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 66 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchini akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha MSKga taqdimnomalar kiritildi. Xususan, xalqaro tashkilotlardan 7 nafar(MDHdan),  25 nafar Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasidan, 1 nafar Iqtisodiy hamkorlik tashkilotidan.

Xorijiy davlatlardan 1 nafardan – Latviya,  Ukraina va Chexiya Respublikasidan, 2 nafardan – Ozarbayjon va Belarus Respublikalaridan hamda Yaponiyadan, 3 nafardan – Singapur va Quvaytdan, 5 nafardan – Qozog‘iston Respublikasidan, Misr va Turkiyadan, 5 nafar Rossiya Federatsiyasidan.

Xalqaro kuzatuvchini akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha kiritilgan taqdimnomalar Saylov kodeksi va tegishli Nizom talablariga muvofiq ko‘rib chiqilib, ushbu 66 nafar xalqaro kuzatuvchini akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilindi.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA