O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 5-Navoiy okrug saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Saylov Kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan kalendar rejasi ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, okrug saylov komissiyasining tegishli qarorlari bilan komissiya a’zolarining faoliyat sohalari bo‘yicha vazifalar taqsimoti va ularni hududlarga biriktirish, hujjatlar nomenklaturasi, navbatchilikni tashkil etish jadvali tasdiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyasi kalendar rejasiga asosan, joriy yilning 17 sentbridan boshlab saylov uchastkalari hududida yashovchi saylovchilar, jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslar, nogiron, bemor, qariyalarni aniqlash va ularning ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Dastlabki natijalarga ko‘ra, 665 ming 743 nafardan iborat saylovchilar ro‘yxati shakllantirilgan.

bugungi kunda 411 ta uchastka saylov komissiyalarining 275 tasi umumta’lim maktablarida, 46 tasi mahalla fuqarolar yig‘ini, 24 tasi kollej, texnikum va kasb-hunar maktabi, 11 tasi tibbiyot markazlari, 8 tasi harbiy qismlar, 7 tasi madaniyat va sport markazlari, 3 tasi oliy o‘quv yurtlari hamda ozodlikdan mahrum qilish joylari, 2 tasi dam olish maskani va 30 tasi boshqa binolarda joylashtirildi. Zarur anjomlar bilan ta’minlangan uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarning barchasida pandus mavjud.

– SJBAT bilan ishlashni sifatli tashkil etish maqsadida viloyat bo‘yicha 31 nafar informatika va axborot texnologiyasi sohasi mutaxassislaridan iborat trenerlar tanlandi va hududlarga biriktirildi, – deydi okrug saylov komissiyasi raisi Normurod Isoqov. – Joriy yilning 14-15 sentyabr kunlari esa barcha uchastka saylov komissiyalari a’zolarining ikki kunlik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. O‘quv mashg‘ulotlarida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tayyorlangan video va boshqa ko‘rgazmali vositalardan keng foydalanildi. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan barcha tasviriy vosita va roliklar viloyatdagi 159 ta, jumladan 27 ta LED ekranlarda namoyish etilmoqda.

Bundan tashqari, joriy yilning 20 sentyabridan boshlab Respublikamizdagi siyosiy partiyalardan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodlarning Navoiy viloyatidagi ishonchli vakillari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Okrug saylov komissiyalari a’zolari tomonidan biriktirilgan hududlarda saylovchilarning milliy mansubligi (so‘zlashuv tili) kesimida saylov byulletenlariga bo‘lgan talabni o‘rganish jarayoni yakuniga yetkazildi.

Matbuot anjumanida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldi.

 

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA.