Samarqand shahrining Xishrav-2 massivida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar kompaniyalari ishtirokida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “SHHT” industrial zonasi barpo etiladi.

Uning ishtirokchilari uchun alohida soliq, bojxona va huquqiy rejim belgilanadi.

Viloyat eksporti 3 barobarga ortib, yillik 1,5 milliard dollarga yetkaziladi.

Jumladan, poyabzal, qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini kamida 5 barobarga oshirish reja qilingan.

Tayyor to‘qimachilik mahsulotlari eksporti kelgusi besh yilda 3,4 baravarga oshirilib, uning kamida 50 foizi brendlar asosida bozorga chiqariladi.

Bunda, xodimlarni yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarishga o‘qitish xarajatlarining 50 foizi Bandlik jamg‘armasidan qoplab beriladi.

Eng muhimi:

– eksportchi korxonalar soni 4 barobarga ko‘payib, 1 ming 100 taga yetadi;

– viloyat eksportida yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ulushi hozirgi 35 foizdan 60 foizga yetkaziladi;

– eksport geografiyasi hozirgi 56 ta davlatdan 83 ta davlatga kengayib, Samarqand mahsulotlari Shvetsiya, Norvegiya, Braziliya, Chili, Avstraliya kabi mamlakatlar hamda Afrika qit’asiga ham yetib boradi.

Viloyat eksport imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Urgut tumanining Tojikiston bilan chegaradosh xududida, “Urgut” erkin savdo zonasi tashkil etiladi.

Shuningdek, har biri 100 gektar yer maydoniga ega 4 ta ixtisoslashgan eksport texnoparklari tashkil etiladi.

Pastdarg‘om – to‘qimachilik, Jomboy – mashinasozlik, Tayloq – oziq-ovqat, Samarqand tumani – maishiy texnika ishlab chiqarishga ixtisoslashadi. Ularning infratuzilmasini barpo etishga byudjetdan 250 milliard so‘m ajratiladi.

 

O‘zA