Turizm – Samarqandning asosiy drayverlaridan biri. Ushbu sohasida kelgusida 40 ming kishini ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni paytda Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan saylovchilar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Viloyatni yurtimizning “Turizm darvozasi”ga aylantirish orqali, kelgusi besh yilda turizm xizmatlari hajmini kamida 10 barobarga oshiriladi.

Bunda, 600 dan ortiq yangi mehmonxona va oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, yotoq o‘rinlar soni 22 mingtaga yetkaziladi.

Viloyatda Xalqaro kulinariya va servis maktabi tashkil etilib, o‘qitishga Fransiya, Italiya, Yaponiya, Turkiyadan yetakchi restoratorlar jalb etiladi.

Shuningdek, Xalqaro gastronomik festival tashkil etiladi.

Samarqand xalqaro aeroportiga parvozlar soni 7 barobarga oshirilib, yo‘lovchilar oqimi yiliga 220 mingdan 1,5 million nafarga yetkaziladi.

Kelgusi yilda 212 gektar yer maydonida Samarqand biznes va turizm markazi barpo etiladi.

Unda, xalqaro kongress markazi, “Abadiy shahar” karvonsaroy majmuasi, 8 ta mehmonxona, dam olish va ko‘ngilochar ob’ektlar, hunarmandchilik markazi, sun’iy suv havzalari quriladi.

Bu orqali 5 mingdan ziyod yoshlar bandligi ta’minlanadi.

 

O‘zA