Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati rivojiga to‘siq bo‘lib turgan muamolar bilan birga, ularni yechish bo‘yicha o‘z saylovoldi dasturidan o‘rin olgan rejalarga ham to‘xtaldi.

– Yuqorida aytib o‘tilgan muammolarni hisobga olib, biz viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur tayyorladik. Bunda quyidagi ustuvor yo‘nalish va vazifalarga asosiy e’tibor qaratamiz.

Birinchi yo‘nalish – 450 mingta ish o‘rni yaratish orqali kambag‘allikni 2 barobarga qisqartirish – eng ustuvor vazifamiz bo‘ladi. Buning uchun kelgusi besh yilda yalpi hududiy mahsulotni 1,4 baravarga oshirib, 90 trillion so‘mga yetkazishimiz zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Saylovoldi dasturida belgilanishicha, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholini kasb-hunarga o‘qitish orqali viloyatda 130 mingta ish o‘rinlari yaratiladi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida viloyatga har yili qariyb 1 trillion so‘m imtiyozli kredit ajratiladi.