Shavkat Mirziyoyev samarqandlik saylovchilar bilan uchrashuvda Samarqandning ilm-fan markazi sifatidagi o‘rniga alohida to‘xtaldi.

– Barchamizga yaxshi ma’lumki, qadimdan ilm-fan markazi sifatida shuhrat qozongan Samarqand bugungi kunda ham o‘zining nufuzli oliygohlari bilan mashhur. Ayniqsa, Samarqand davlat universiteti, Samarqand tibbiyot instituti ular orasida alohida o‘rin tutadi.

Bu oliygohlarning mamlakatimiz ta’lim tizimidagi o‘rni va salohiyatini yanada oshirish maqsadida sizlar bilan o‘z takliflarimni o‘rtoqlashmoqchiman.

Samarqand davlat universitetiga ushbu qutlug‘ maskanda tahsil olgan, shu yerda ishlagan, respublikamizda ilm-fan, ta’lim, madaniyat, adabiyot va san’at rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan atoqli davlat va jamoat arbobi, taniqli adib Sharof Rashidov nomini bersak, nima deysizlar?

Shuningdek, Samarqand tibbiyot institutiga universitet maqomini berish haqida alohida qaror qabul qilsak, o‘ylaymanki, ushbu yirik oliygohning mavjud salohiyati va kelgusi rivoji uchun yanada puxta zamin yaratgan bo‘lamiz.

Bo‘lg‘usi universitetning rahbariyati, professor-domlalari o‘zlarining bilim va tajribasini to‘la safarbar etib, viloyatning barcha tuman, shahar va qishloqlarida aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish ishiga munosib hissa qo‘shadilar, deb ishonch bildiraman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

O‘zA