Yangi O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan bu yilgi saylov yangi Saylov kodeksi asosida erkin, shaffof tarzda olib borilyapti.

bugungi saylovlarda ham zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga tayangan holda, «Bir saylovchi – bir ovoz» tamoyilini ro‘yobga chiqarish uchun saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati joriy etildi, siyosiy partiyalarning sog‘lom raqobat olib borishi uchun teng shart-sharoitlar yaratildi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalardan Prezidentlikka nomzodlarning ishonchli vakillari ro‘yxatga olindi. Ayni paytda saylov kampaniyasi qizg‘in bosqichga kirdi.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirovning Navoiy viloyati bo‘yicha ishonchli vakili sifatida bir oy davomida joylarda olib boradigan tadbirlar kalendar rejasi tasdiqlangan. Unga asosan, saylovchilar huzuridagi ushbu uchrashuvlar nafaqat markazlarda, tashkilot va korxonalar, ta’lim muassasalarida, balki viloyatning eng chekka hududlari – qishloq va ovullari, paxta dalalarida o‘tkaziladi. Dastlabki uchrashuv esa shu yilning 23 sentyabr kuni Navbahor tumanida bo‘lib o‘tdi.

Targ‘ibot tadbirlari «Inson o‘zgarsa, jamiyat o‘zgaradi» g‘oyasini o‘zida mujassamlashtirgan «Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot» shiori ostida jonli muloqot tarzida tashkil qilinadi. Eng muhimi, ushbu tadbirlarda Prezidentlikka nomzodning Saylovoldi dasturi videolavha ko‘rinishida saylovchilar e’tiboriga havola qilinishi o‘ziga xos yangilikdir.

Bundan tashqari, nomzodning ishonchli vakiliga saylovchilar bevosita savol bilan murojaat qilishiga imkoniyat yaratiladi. Ayrim savollarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanilgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn shaklda nomzod tomonidan javob qaytarilishi uchun jonli muloqot yo‘lga qo‘yiladi. Ayni paytda, 5-Navoiy okrug saylov komissiyasi tarkibida 411 ta saylov uchastkasi faoliyat yuritmoqda. Mazkur uchastkalarda ish yuritish uchun O‘zMTDP Navoiy viloyati Kengashi tomonidan kuzatuvchi va vakolatli vakillarimiz belgilanib, ularning to‘liq ro‘yxati shakllantirildi. Uchastkalar partiyamiz faoliyatini targ‘ib etuvchi turli reklama bannerlari, targ‘ibot-tashviqot vositalari, siyosiy adabiyotlar bilan boyitildi.

Kuzatuvchi va vakolatli vakillarning siyosiy bilimlarini mustahkamlash maqsadida ular partiya viloyat Kengashi hududiy trenerlari tomonidan o‘qitildi. Joylarda tashkil etiladigan targ‘ibot tadbirlarida partiya g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlovchi «Ko‘mak» guruhi a’zolaridan iborat volontyorlar ro‘yxati tasdiqlandi. Tuman va shaharlar, ta’lim muassasalarida 18 yoshga to‘lgan yoshlar ishtirokida «Men saylovda ilk bor ovoz beraman» mavzusida saylovoldi tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Biz bugun mamlakatimizda insonparvar demokratik jamiyat barpo etish sari intilayotgan ekanmiz, uning bosh talabi bo‘lgan erkin saylovlarni munosib tashkil qilish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolaveradi. Chunki saylovlar xalqqa davlat hokimiyatining yagona manbai sifatidagi siyosiy rolini amalga oshirish imkonini beradigan hal qiluvchi jarayondir.

 

Ilhom Rajabov,

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirovning Navoiy viloyati bo‘yicha ishonchli vakili.