O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga “Adolat” sotsial demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abduhalimovning Namangan viloyatidagi ishonchli vakili, viloyat partiya kengashining raisi Isroiljon Jo‘rayev saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishni boshladi.
Ana shunday dastlabki tadbir Yangiqo‘rg‘on tumanida bo‘lib o‘tdi. 61-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbirda pedagoglar, shu atrofdagi mahallalarning fuqarolari, tumandagi maktablar direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, yoshlar, jami ikki yuzdan ortiq kishi ishtirok etdi.
Ishonchli vakil dastlab to‘planganlarni Prezidentlikka nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. So‘ngra Bahrom Abduhalimovning saylovoldi dasturi haqida so‘zlab, uning mazmun-mohiyatini ta’riflab berdi. Olg‘a surilgan asosiy yo‘nalishlarga ham to‘xtaldi. Ko‘zda tutilgan vazifalarni uddalash uchun qanday ishlar amalga oshirilishi zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
– Nomzodimizning saylovoldi dasturi bejiz “Adolat – hamma uchun!” deb nomlanmagan, – dedi ishonchli vakil Isroiljon Jo‘rayev. – Chunki inson dunyoga kelibdiki, hamisha adolatga intiladi. Bu ezgu va muhim tamoyil har bir kishi uchun hayot mazmuniga aylanishi mubolag‘a emas. Dasturda ta’kidlanganidek, “Dong‘i olamlarga yoyilgan mutafakkir alloma Alisher Navoiy “Zinhorki, zulm rishtasini uz, Insof ila adl qasrini tuz”, deya odillik jamiyat osoyishtaligi va barqaror taraqqiyotini ta’minlovchi qudratli kuch ekanini alohida qayd etib o‘tgan.”
Ishonchli vakil o‘z so‘zini yakunlar ekan, saylovchilarni 24 oktyabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Prezidenti saylovida “Adolat” sotsial demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Bahrom Abduhalimovga ovoz berishga chaqirdi.
Tashviqot tadbirida so‘z olgan xalq deputatlari Yangiqo‘rg‘on tumani Kengashi deputati Gulchehra Usmonova, “Adolat” SDP viloyat kengashi raisining o‘rinbosari Yorqinoy Hojimatova va boshqalar mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim jarayonda har bir kishi o‘zi tanlagan munosib nomzodni qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildirdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA