Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Andijon viloyat Kengashi tashabbusi bilan saylovoldi targ‘ibot aksiyasi tashkil etildi.

“Inson qadri uchun!” shiori ostida o‘tkazilgan aksiyada partiyaning “Yoshlar qanoti” faollari shahar bo‘ylab avtobuslarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirdilar. Mazkur aksiyada “Yoshlar qanoti” faollari tengdoshlarini ezgu kuch ostida birlashishga hamda partiya nomzodiga ovoz berishga chaqirdi.

Aksiyani yakunlagan yoshlar shu kuni O’zLiDeP Andijon viloyat Kengashi tomonidan partiya viloyat Kengashi raisi Xurshida Xalilova, O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi vakillari Sardor Maripov, Samidillo Mahmudov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengash deputatlari, nuroniylar, Andijon shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari ishtirokidagi ishonchli vakilning navbatdagi uchrashuvida qatnashdi. Viloyat kasaba uyushmalari birlashmasida bo‘lib o‘tgan mazkur muloqotda Markaziy saylov komissiyasining shu yil 15 sentyabrdagi qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sh.Mirziyoyevning Andijon viloyati bo‘yicha ishonchli vakili sifatida ro‘yxatga olingan viloyat “Nuroniy” jamg‘armasi raisi O‘ktamjon Oxunov saylovchilarga nomzodning tarjimai holi, faoliyati, saylovoldi dasturi bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

–Nomzodning saylovoldi dasturi bilan tanishar ekanmiz, so‘nggi besh yillikdagi ezgu islohotlarning mantiqiy davomini ko‘ryapmiz, – deydi viloyat IIB faxriylar kengashi raisi Tursunboy Rustamov. – Xususan, dasturda mamlakatimizni yanada ravnaq toptirishga, xalqimiz salohiyatini yanada to‘laqonli ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan maqsadlar, vazifalar ilgari surilgan. Ta’kidlashdan charchamayman, unda yagona pirovard maqsad – O‘zbekistonda inson qadrini yanada yuksaltirish, xalqimiz turmush farovonligini bundanda oshirish, “davlat – insonlar uchun” degan xalqchil g‘oyani to‘la amalga tatbiq qilishdan iboratligi yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Ishonchli vakil tomonidan dasturning har bir bandi xalq manfaatiga xizmat qilishi, har satri faqat va faqat inson qadrini eng yuksaklarga ko‘tarishni maqsad qilgani alohida qayd etildi.

 

Zuhriddin UMURZOQOV (surat),O‘zA