Qarshi shahridagi «Jurnalistlar uyi»da O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Narzullo Oblomurodovning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Nosir Halimov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat Kengashi xodimlari, jurnalist va blogerlar ishtirok etgan tadbirda Nosir Halimov nomzodning tarjimai holi hamda Saylovoldi dasturi yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.

Saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifa va maqsadlarga atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Ma’lumki, O‘zbekiston Ekologik partiyasi yangi siyosiy kuch sifatida maydonga chiqdi. Mamlakatda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni izchillik bilan hal etish hamda iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga yo‘naltirilgan siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadini oldiga qo‘ydi.

Mamlakat hayotida katta voqea hisoblangan bu siyosiy jarayonda partiyaning ishtirok etishi, mamlakatimizning rivojlanishi va ertangi kuni bilan bog‘liq bo‘lgan eng muhim tashabbuslarni ilgari surishi birinchi navbatda ekologik holatni yaxshilash, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish, ijtimoiy muammolarni hal etish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

 

O‘lmas Barotov,  

O‘zA. Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA