Biz mamlakatimizda kechayotgan demokratik jarayonlarni, o‘tayotgan har bir kunimizni mustaqillik bergan ne’matlar, deb bilamiz. O‘tgan 30 yil nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, balki huquqiy va siyosiy hayotimizda ham muhim o‘zgarishlarga boy bo‘ldi.

Istiqlolga erishgunimizga qadar 1948 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” haqida ochig‘i, mamlakatimizda yashovchi kamdan kam odamlar xabardor bo‘lishgan. Mazkur umume’tirof etilgan xalqaro hujjat Mustaqil O‘zbekistonda tan olindi. Qonunchiligimiz insoniylik va ezgulik tamoyillari asosida tubdan isloh qilindi. Asosiy qonunimiz – Konstitutsiyamizda inson huquq va erkinliklari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarildi. Ko‘plab davlat organlari o‘rnini fuqarolik jamiyati institutlari egalladi.

Partiyaviy yakkahokimlik o‘rnida fuqarolik jamiyatining muhim institutlari sifatida ko‘p partiyaviylik tizimi qaror topdi. Fuqarolarning saylash va saylanish huquqlariga alohida e’tibor qaratildi. “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro Paktning 25-moddasida belgilab qo‘yilgan “Har bir shaxs o‘z mamlakatida saylash va saylanish huquqiga egadirlar”, degan xalqaro me’yor O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasida mustahkamlab qo‘yildi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 21-moddasi saylovlarga bag‘ishlangan bo‘lib, unda “Xalq erki hukumatga tegishli bo‘lgan hokimiyatning asosi bo‘lishi kerak: bunday erk umumiy va teng saylov huquqi asosida, yashirin ovoz berish yo‘li bilan ahamiyatli shakllar vositasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan davriy va soxta bo‘lmagan saylovlarda namoyon bo‘lishi darkor”, deyilgan.

Bu kabi xalqaro normalar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida o‘z ifodasini topdi. Milliy qonunchiligimiz inson va jamiyat farovonligini ko‘zlagan holda ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplariga asoslanib, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqini – huquqiy demokratik davlatning muhim tamoyillaridan biri sifatida muhrladi. Xalqning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki belgilab berildi.

Ma’lumki, joriy yil 24 oktyabrda bo‘ladigan saylovda siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlar kurashadi. Fuqarolik jamiyati institutlarining, jumladan, siyosiy partiyalarning ayni vazifasi shu kurashning qonuniyligi va adolatligini ta’minlashdir. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan har bir nomzod, u qaysi siyosiy partiya vakili bo‘lishidan, qanday lavozimda faoliyat yuritishidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi talablariga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran saylov natijalari e’lon qilingunga qadar teng huquqlarga, shu jumladan, daxlsizlik huquqiga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni majburiy keltirish, ularning shaxsiy buyumlarini, yukini, transportini, turar joy va xizmat xonalarini ko‘zdan kechirish ta’qiqlanadi.

Qonunchilikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning bunday immuniteti, avvalo, har bir nomzodning o‘z siyosiy huquqlarini erkin ro‘yobga chiqarishga, saylovoldi tashviqotlarida teng huquqlilik asosida qatnashishga va nomzodlar uchun yaratilgan barcha sharoitlardan adolatli va teng foydalanishga qaratilgan.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga nisbatan saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish chog‘ida ham, saylovoldi yig‘ilishlarida so‘zga chiqish, televideniye ko‘rsatuvlari va radio eshittirishlarida qatnashish vaqtida ham hech qanday cheklovlar va farqlashlar, biron-bir to‘siqlar bo‘lishi mutlaqo mumkin emas.

Eng muhimi, qonunchiligimizda nazarda tutilgan daxlsizlik immuniteti nomzodlarning qonunga xilof ravishda ma’muriy yoki jinoiy ta’qib qilinishini, shunday usullar bilan qo‘rqitilishini, o‘z nomzodini olishga majbur qilinishini cheklaydi hamda shaxsiy va mulkiy daxlsizligini, saylovoldi faoliyatini erkin va tenghuquqlilik asosida yuritishini kafolatlaydi.

Shuningdek, nomzodning sha’ni va qadr-qimmatini, xat yozishmalar, telefon so‘zlashuv, telegraf xabarlari yoki boshqa xabarlarni sir saqlanishini va oila sirlarini, turar-joy daxlsizligini, biz so‘z bilan aytganda saylanish huquqini himoya qiladi.

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq beshta siyosiy partiyadan ro‘yxatga olingan nomzodlar erkin va ochiq, teng imkoniyat va teng sharoitlar asosida qurilgan katta siyosiy maydonga chiqqan. Ularning bir biridan kam bo‘lmagan miqdor va darajada tashviqot yuritishiga hech qanday mone’lik qoldirilmagan. Ommaviy axborot vositalarida hamma nomzodlar uchun teng o‘rinlar ajratilgan. Bu borada Markaziy saylov komissiyasi hamda okrug saylov komissiyalarining faolligini, tashabbuskorligini alohida e’tirof etish joiz.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va uning nomzodi  yaratilgan barcha imkoniyatdan samarali foydalanish uchun puxta tayyorgarlik ishlarini olib bordi va saylovoldi targ‘ibotiga kirishdi.

O‘z nomzodiga yuksak ishonch bildirgan partiyamiz Amir Temurning hikmatli “Kuch – adolatda” degan purma’no da’vati va uning tarixiy qonuniyatlariga tayangan holda, bunday teng imkoniyat – teng sharoitlarda mamlakatimiz fuqarolik jamiyati demokratik jarayonlarining faol ishtirokchisiga aylanadi.

Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 41-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olinganlarning barchasi teng huquqlarlidir. Albatta, saylovlar aytishuvlarsiz, tortishuvlarsiz, bahs va munozaralarsiz bo‘lmaydi. Bizning vazifamiz ko‘p ming yillik madaniyatimizning ustuvor g‘oyalariga tayangan holda nomzodlarning daxlsizlik huquqlarini, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish va saylov jarayonlarida yuqori madaniyat bilan ishtirok etishdan iborat.

Zero, demokratiya – inson huquqlarini hurmat qilish, qonunlarga itoat etish, bir so‘z bilan aytganda huquqiy va siyosiy madaniyat demakdir. Xalqimiz esa, o‘ziga munosib nomzodni tanlab olishga qodir!

 

Abdukamol Rahmonov,  

O‘zbekiston “Adolat” SDP siyosiy  

kengashi raisi o‘rinbosari.  

O‘zA