O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha ishonchli vakili – Temur Poyonov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili ilg‘or demokratik tamoyillar mustahkam qaror topib borayotgan Yangi O‘zbekistonda qonun ustuvorligini va inson huquqlarini, jumladan, fuqarolarning saylov huquqini amalda keng ta’minlashga qaratilgan ulkan o‘zgarishlar yuz berayotganini ta’kidlab, shu yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi mamlakatimizni rivojlantirishning beshta muhim ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida o‘z ifodasini topgan ilg‘or demokratik g‘oyalar ruyobining, O‘zbekistonning yuksak taraqqiyotiga xalqimiz bildiradigan qat’iy ishonchning amaldagi yana bir yorqin ifodasi bo‘lishini qayd etdi.

O‘zbekiston Respublikasi saylov kodeksining 43-moddasiga muvofiq Prezidentlikka nomzod o‘z saylovoldi dasturini saylovchilarga tanishtirish jarayonida ilgari surayotgan g‘oya va maqsadlari aholining barcha qatlamlari hamda har bir saylovchiga yetib borishi uchun o‘zining ishonchli vakillarini belgilaydi. Prezidentlikka nomzod 15 nafargacha ishonchli vakilga ega bo‘lishga haqli.

Temur Poyonov brifingda Markaziy saylov komissiyasining shu yil 15 sentyabrdagi qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha ishonchli vakili sifatida rasman ro‘yxatga olingani xususida va markaziy saylov komissiyasining shu yil 17 sentyabrda qabul qilgan qaroriga asosan Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 2021 yil 20 sentyabrdan boshlanishi belgilanganini, zimmasiga saylov kampaniyasini o‘tkazishda nomzodga yaqindan ko‘makdosh bo‘lishdek mas’uliyatli vazifa yuklanganini aytdi.

Ishonchli vakil davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda, albatta, nomzodning manfaatlarini ifodalaydi. Targ‘ibot jarayonida saylovning demokratik asoslarda, ochiqlik va adolat tamoyillariga mos ravishda o‘tishiga baholi qudrat hissa qo‘shadi. Saylov kodeksining 44-moddasiga ko‘ra, saylovga bir kun qolganda va saylov kunida tashviqot olib borish taqiqlanadi. Shu bois shu yil 22 oktyabr kuni nomzodning ishonchli vakili targ‘ibot tadbirlarini yakunlaydi.

Ishonchli vakil ishtirokida viloyatning barcha tuman va shaharlarida, turli tashkilotlar, muassasalar, korxonalarda ommaviy uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Muloqotlarda ishonchli vakil Prezidentlikka nomzod dasturida belgilangan asosiy g‘oya va maqsadlarni fuqarolarga jonli, hayotiy misollar orqali, samimiy suhbat va savol-javoblar asnosida tushuntiradi. Shu bilan birga joylarda mavjud masalalar yuzasidan ham fikrlashadi.

 

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA