Prezident Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun 16 sentyabr kuni Dushanbe shahriga keldi.

Davlatimiz rahbarini Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining asoschi davlatlaridan biri. 2001 yilda tuzilgan mazkur tashkilotga bugungi kunda sakkizta mamlakat – Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston a’zo.

O‘tgan 20 yilda tashkilot xalqaro doirada nufuzli tuzilmaga aylandi. Bugun SHHT makoni dunyo aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, boy tabiiy resurslar, ilg‘or texnologiyalar va ulkan iste’mol bozoriga ega.

O‘zbekiston SHHTga savdo-iqtisodiyot, transport va madaniy-gumanitar sohalarda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy xavf-xatarlar va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishning muhim vositasi sifatida qaraydi.

Mamlakatimiz tashkilot doirasidagi hamkorlikda faol ishtirok etib kelmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari hamkorlik ko‘lamini kengaytirish va natijadorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga uch marta – 2003-2004, 2009-2010 va 2015-2016 yillarda muvaffaqiyatli raislik qilgan. 2016 yilgi Toshkent sammitida Hindiston va Pokistonning SHHTga a’zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g‘risida memorandumlar imzolangan va ular uchun tashkilotga yo‘l ochilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammit doirasida Tojikiston Respublikasi Prezidenti, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri, Eron Islom Respublikasi Prezidenti bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Prezident Emomali Rahmon bilan muloqotda ko‘p qirrali O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq iqtisodiyot tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini va madaniy-gumanitar hamkorlik dasturini amalga oshirish maqsadida faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.

Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari Tojikistonning SHHTdagi sermahsul raisligi davrida erishilgan natijalarni yuksak baholadi va bo‘lajak sammit tadbirlari muvaffaqiyatli o‘tkazilishini tiladi.

Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan muzokarada ikki mamlakat yetakchilarining joriy yil iyul oyida Toshkent shahrida o‘tgan sammitida O‘zbekiston va Pokistonning ko‘p qirrali hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shu yil boshidan ikki tomonlama tovar ayirboshlash 2,5 barobar ortgani, 30 dan ortiq yangi qo‘shma korxona tashkil etilgani ta’kidlandi. Toshkent va Lahor shaharlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar tiklandi.

Samarali ishbilarmonlik almashinuvlarini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish borasida birgalikdagi ishlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi. Eng avvalo, preferensial savdo to‘g‘risidagi shartnomani tez fursatda qabul qilish, tranzit va savdo munosabatlari to‘g‘risidagi bitim qoidalarini bajarish, qabul qilingan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish shular jumlasidan.

Uchrashuvda Afg‘onistonda vujudga kelayotgan holatdan kelib chiqib mintaqadagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalarida yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan suhbat avvalida davlatimiz rahbari Eron Prezidentini yuksak davlat lavozimiga saylangani bilan yana bir bor samimiy qutlab, mas’uliyatli faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yil boshidan o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari izchil o‘sib borayotgani kuzatilmoqda. Qishloq xo‘jaligi, parrandachilik, baliqchilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda biznes loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy aloqalar sur’atini davom ettirish va yangi “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash maqsadida qo‘shma Hukumatlararo komissiya ishini faollashtirishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, “yo‘l xaritasi” asosida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish istiqbollari hamda ikki mamlakat tranzit salohiyatini samarali ishga solish imkoniyatlari vakolatli idoralar darajasida puxta o‘rganiladi.

Davlat rahbarlari mintaqa kun tartibidagi masalalarni, shu jumladan, Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyatdan kelib chiqqan holda ko‘rib chiqdilar.

Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining asosiy tadbirlari 17 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Tojikiston raisligida o‘tkazilayotgan sammit ishida SHHTga a’zo davlatlar – Hindiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi yetakchilarining ishtirok etishi kutilmoqda.

Shuningdek, davlat rahbarlari majlisida tashkilot huzurida kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar tomonidan Belarus Respublikasi, Eron Islom Respublikasi va Mo‘g‘uliston Prezidentlari qatnashadi. Majlisning faxriy mehmoni sifatida Turkmaniston rahbari taklif etilgan.

Sammitda SHHT ijroiya organlari va boshqa xalqaro institutlar rahbarlari ham ishtirok etadi.

Kun tartibiga muvofiq, ishtirokchilar SHHTning o‘tgan 20 yilgi faoliyatining asosiy yakunlarini ko‘rib chiqadilar, ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarb vazifalarini muhokama qiladilar. Global siyosat va mintaqa kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashiladi.

Sammit yakunida Dushanbe deklaratsiyasi qabul qilinishi, davlatlar rahbarlarining qarorlari va tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga doir boshqa ko‘p tomonlama hujjatlar imzolanishi mo‘ljallangan. SHHTga raislik O‘zbekiston Respublikasiga o‘tishi sammitning muhim voqeasi bo‘ladi.

Prezidentimiz anjuman doirasida Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha “SHHT – KXSHT” formatidagi uchrashuvda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

 

O‘zA