Mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan Madaniy meros haftaligi doirasidagi tadbirlar g‘oyat ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda.

Uning doirasida xorijlik mehmonlarning katta guruhi Qoraqalpog‘istondagi bir qator qo‘hna qal’alarga sayohat qildilar.

Yerlari osmonlarga tutashib ketgan Orolbo‘yi hududi qadimiy qal’alarga juda boy. Aksariyatining tarixi eramizdan avvalgi davrga borib taqaluvchi ushbu ob’ektlar qadimdan bu mo‘’tabar maskanlarda davlatchilik mavjud bo‘lgani,  chorvadorlik, dehqonchilik, turfa hunarmandchilik gullab-yashnaganidan darak beradi.

…Afsonayu asotirlarga boy Katta Guldursun qal’asi. Bu qal’a miloddan avvalgi IV-III asrlarda barpo yetilgan. Guldursun Qoraqalpog‘istonning  Beruniy shahridan sharq tomon 20 kilometr  va To‘rtko‘l shahridan shimoliy-sharq tomon 26 kilometr masofada joylashgan. Guldursun qadimiy, bo‘shliq qal’a o‘rniga qurilgan Xorazmning katta qal’a-chegaralaridan biridir, deb keltiriladi ayrim tarixiy manbalarda.

…Tuproqqal’a – qadimiy  shaharqal’a xarobasi sanaladi. Sir-sinoatlar, tarixning yashirin sahifalariga boy bo‘lgan ushbu qal’a mutaxassislar fikricha,  miloddan avvalgi  3-4-asrlardagi xorazmshohlar qarorgohidir.

Ha, to‘kilib, yemirilish arafasidagi bu o‘ydim-cho‘ydim qal’alar hashamdan, zebu zardanxholi ekani rost. Lekin ularning bari jonajon zaminimiz qo‘hna sivilizatsiyalarga makon ekanidan jimgina  so‘zlaydi.

– Madaniy haftalik davomida bu aziz yurtda ko‘rganlarim meni juda hayratga soldi, – dedi polshalik tadqiqotchi-jurnalist Igor Strotskiy. – Yemirilish holatiga kelib qolgan bo‘lsa-da, bu qal’alarning o‘z sehru  salobati bor. Ularning barchasi yurtingizning nechog‘li qadimiy tarixi, o‘z taraqqiyot  bosqichlari bo‘lganidan darak beradi. Bularning barchasi yurtingiz chindan ham qadimiy madaniyatlarga, davlatchilikka beshik bo‘lgan diyor ekanini anglatadi.

Darhaqiqat, bularning bari bizning bebaho merosimiz. Ularni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, himoyalash  burchimizdir.

 

  Nazokat Usmonova, O‘zA