Germaniyaning nufuzli “LAMBERT Academic Publishing” xalqaro ilmiy nashriyotida “Cotton-Textile Cluster – losomotive of the economic development” («Paxta-to‘qimachilik klasteri – iqtisodiy taraqqiyot lokomotivi») nomli kitob chop etildi.

U O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, senator Murtazo Rahmatov, akademik, biologiya fanlari doktori, professor Bakriddin Zaripov, Namangan davlat universiteti o‘qituvchisi Bahodir Niyozmetov, shuningdek, yurtimizdagi qaldirg‘och klasterlar – “BCT Cluster” va “TCT Cluster” klasterlari loyiha koordinatori Muzaffar Rahmatov hamda bosh menejeri Akbarxon Bahramov muallifligida ingliz tilida nashr etildi.

Kitobda mamlakatimizda so‘nggi besh yilda qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan tub islohotlar haqida hikoya qilinadi. Xususan, ushbu sohaga tatbiq etilayotgan yangi g‘oyalar, innovatsiya va nou-xaular agrar sektorni sanoatlashtirish, qishloq mehnatkashlarining hayot darajasini yuksaltirishga xizmat qilayotgani paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyati misolida keng ochib berilgan.

E’tirof etilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning bevosita g‘oyasi asosida amaliyotga klaster tizimi joriy etilib, qishloq xo‘jaligida mahsulot yetishtirish va chuqur qayta ishlashning “zanjirli usuli” yaratildi. O‘quvchilar kitobda ushbu usul samaralari haqida batafsil ma’lumot olishlari mumkin.

Kitobda O‘zbekiston to‘qimachilik va yengil sanoat tizimida klasterlarni shakllantirish masalasi mamlakat miqyosida emas, balki mintaqalar – viloyatlardagi aniq iqtisodiy-ijtimoiy shart-sharoitlar asosida amalga oshirilayotgani eng oqilona yo‘l ekanligiga alohida urg‘u berilgan.

– Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida ish yuritishning klaster tizimiga o‘tilishidan ko‘zlangan birinchi maqsad – yerdan samarali foydalanish, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi, professor Murtazo Rahmatov. – Qolaversa, qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish, chetga xomashyo emas, qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar sotish, daromadni oshirish orqali dala mehnatkashlarining hayot darajasini ko‘tarishdir. Zero, agrar sohadagi natijalar birgina hosildorlik ko‘rsatkichi bilan o‘lchanadigan davrlar o‘tib ketdi. Olinadigan daromad va sof foyda asosiy mezonga aylanishi kerak. Kitobda ana shu jihatni nafaqat nazariy va ilmiy tarafdan, balki hayotiy misollar bilan tushuntirishga harakat qildik. O‘zbekistonda qisqa davrda bu borada erishilgan natijalar haqida fikr yuritar ekanmiz, bunda Buxorodagi “BCT Cluster” va Toshkent viloyatidagi “TCT Cluster” klasterlari faoliyatiga murojaat qildik, aniq detallar va dalillarga suyandik.

Mazkur kitob dunyo hamjamiyatini Prezident Shavkat Mirziyoyevning elni farovon, xalqni boy qilishdek ezgu maqsadga yo‘g‘rilgan g‘oyasi mazmun-mohiyatidan yaqindan xabardor etish, O‘zbekistonning noyob tajribasi bilan yaqindan tanishtirish, Yangi O‘zbekiston haqidagi tasavvurlarini boyitishga xizmat qiladi. Ayniqsa, chet ellik ishbilarmonlar, investorlar, ekspertlar, davlat va nodavlat sektor vakillari uchun mamlakatimizdagi o‘zgarishlarga oid zarur ma’lumotlarni olishlarida qimmatli manbaga aylanishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, davlatlar o‘rtasida nafaqat iqtisodiy hamkorlikni, balki “xalq diplomatiyasi”ni rivojlantirishga ham muhim hissa qo‘shadi.

Germaniyaning “LAMBERT Academic Publishing” xalqaro ilmiy nashriyoti jahondagi nufuzli nashriyotlar sirasiga kiradi. Har yili 5 milliondan ortiq akademik ishlar, monografiyalar, ilmiy-tadqiqot loyihalari, ilmiy maqolalar, ijodiy ishlar chop etiladi. Shu bois nashriyotning jahon reytingidagi o‘rni ancha baland. bugungi kunda nashriyot amazon.com, libri.de, morebooks.de, umbreit.de, knigozal.com kabi yirik internet do‘konlari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.

Nashriyotda chop etilgan kitoblar 80 dan ortiq mamlakatda sotiladi. “Cotton-Textile Cluster – losomotive of the economic development” kitobi ham nashriyotning eng ko‘p sotilayotgan adabiyotlari ro‘yxatidan joy olgan.

 

O‘zA