Prezident Shavkat Mirziyoyev XVI Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari bilan uchrashuvda milliy paralimpiya harakatini rivojlantirish uchun qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi qoshida Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti faoliyatini tashkil etish taklifini bildirdi.

Para-sportchilarni muntazam ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, jismoniy va ruhiy tayyorgarligini oshirish maqsadida ularni Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markaziga biriktirish ta’kidlandi. Shuningdek, ular maxsus dori-darmon hamda xalq tabobati vositalari bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Turizm va sport vaziri, viloyat hokimlariga qishki sport turlarini ham rivojlantirish maqsadida paralimpiya qishki sport turlari bo‘yicha kelgusi yillarda xalqaro musobaqalarda sportchilarimizning ishtirokini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Buning uchun “Amirsoy” tog‘-chang‘i sport majmuasi hamda “Humo-Arena” muz saroyi bazalarida paralimpiyachilar uchun sharoit yaratiladi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasining para-sport bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylarni keng jalb etgan holda, qo‘mita tarkibida “Matonat maktabi”ni tashkil etishni taklif etdi.

– O‘zining yuksak irodasi va matonatini namoyish etib kelayotgan sizlar kabi yoshlarimiz bu maktabning yetakchi vakillari sifatida faoliyat olib borsa, ayni muddao bo‘lardi. Afsuski, hozirgi vaqtda yoshlar orasida hayotda ozgina to‘siq yoki qiyinchilikka uchrasa, o‘zini yo‘qotib, umidsizlikka tushib qoladigan, nojo‘ya yo‘llarga kirib ketadigan yigit-qizlar ham yo‘q emas.

Sizlar ta’lim maskanlarida, mehnat jamoalarida, ayniqsa, mahallalarda yoshlar bilan uchrashib, o‘z hayotingiz, mashaqqatli yo‘llaringiz, qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tayotganingiz haqida so‘zlab bersangiz, ular albatta, sizlarga ergashadi, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari taqdir sinovlariga mardona bardosh berib, sabr-toqat va shukronalik ruhi bilan, hayotda o‘z munosib o‘rnini topib yashayotganlarining o‘zi katta jasorat va qahramonlik namunasi ekanini ta’kidladi.

– Bu – hayot. Turmushda har xil murakkabliklar bo‘ladi. Har bir inson hayotda o‘z o‘rnini topishga haqli. Yaxshisi ham, yomoni ham mening bolalarim, ertaga ularga men javobgarman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohasidagi katta yutuqlari bilan namuna bo‘lib kelayotgan zamondoshlarimiz haqida publitsistik asarlar, ko‘rsatuv va eshittirishlar, ijtimoiy roliklar, hujjatli va badiiy filmlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

 

O‘zA