Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, Yangi O‘zbekistonni yuksak madaniyat va ma’naviyatga ega bo‘lgan, erkin va baxtli insonlar yashaydigan mamlakatga aylantirish uchun “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish milliy dasturi ishlab chiqiladi.
Bu, avvalo, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarimizni davr talablariga mos ravishda boyitish va rivojlantirish, shu orqali jamiyatning madaniy va ma’rifiy yuksalishiga erishish imkonini beradi.
O‘z navbatida, bu jamiyat a’zolarining ongi va tafakkurini, hayot falsafasi va dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bunda, aholi, ayniqsa, yoshlarning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirish, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalash – oliy maqsaddir.
Ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot va badiiy ijod sohalarining mamlakatimiz taraqqiyotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirishga qaratilgan alohida dasturlar qabul qilinadi.
Ijodkor ziyolilarga doimiy e’tibor qaratish, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan ishlar davom ettiriladi.
Madaniyat va sport muassasalari, teatr va muzeylarning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Hududlarning madaniy yuksalishi, xalq hunarmandchiligini ravnaq toptirishga qaratilgan manzilli ishlarni tizimli asosda olib boriladi.
Mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash, fuqarolarimizni turli mafkuraviy tahdidlardan, zararli oqim va g‘oyalardan himoya qilish masalalari bundan buyon ham diqqat markazida bo‘ladi.
Muqaddas dinimiz, ezgu fazilatlarimizning mujassam ifodasi sifatida qadrlanadi. Yurtimizda turli diniy konfessiyalar uchun zarur sharoit yaratishga qaratilgan siyosat izchil davom ettiriladi.
O‘zA