Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning faol, pragmatik tashqi siyosati haqida ham alohida to‘xtaldi.

– Tashqi siyosiy va iqtisodiy aloqalar sohasida so‘nggi besh yildagi sa’y-harakatlarimiz natijasida, mamlakatimizning xalqaro maydonda ochiq, ishonchli va tashabbuskor davlat sifatidagi maqomi va obro‘si keskin oshdi.

Biz Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi yangi siyosiy muhitni yaratishga muvaffaq bo‘ldik. Oddiy fuqarolarimizni uzoq yillar qiynab kelgan ko‘plab muammolar yechildi, do‘st va qardosh xalqlarimizning o‘zaro bordi-keldilari tobora kuchaymoqda.

Bu – bizning eng katta yutug‘imizdir.

Qo‘shnilarimiz bilan savdo hajmi besh yilda 5 barobar ko‘paydi, birgalikda yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Mintaqa davlatlari yetakchilarining Maslahat uchrashuvlari muntazam o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, dunyoning qudratli davlatlari va boshqa strategik hamkorlarimiz bilan yangi formatdagi amaliy aloqalar yo‘lga qo‘yildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashida a’zo sifatida faol qatnashmoqdamiz. Bu ijobiy jarayonlar xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilmoqda.

Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligiga bag‘ishlangan sammit hamda Islom taraqqiyot banki anjumani ham, buning isboti bo‘ldi.

Biz, tizimli va puxta o‘ylangan, pragmatik tashqi siyosiy va iqtisodiy diplomatiyamizni bundan keyin ham faol davom ettiramiz.

Avvalambor, Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, suv, energetika va transport, madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlikni sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqamiz.

Kelgusi besh yilda o‘zaro savdo aylanmasi hajmi kamida 2 barobar oshiriladi.  Sanoatda qo‘shimcha qiymat yaratish bo‘yicha yaxlit zanjirlarni va kooperatsiyani mustahkamlaymiz. Transport sohasida tashqi savdo uchun, “yashil koridorlar” hamda tranzit imkoniyatlari kengaytiriladi.

Xalq diplomatiyasi tamoyilini, jumladan, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalaridagi aloqalarni kuchaytirish asosiy vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi.

Shu maqsadda, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqamiz.

Rossiya, Xitoy va AQSH, shuningdek, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi an’anaviy hamkorlarimiz bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish, tashqi aloqalarimiz geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

Bu yo‘nalishda, eng avvalo, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirishga alohida urg‘u beramiz. Yangi bozorlarni o‘zlashtirish, investitsiya va innovatsiyalarni keng jalb qilish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish va eng muhimi – O‘zbekiston imijini faol targ‘ib etish barcha diplomatik vakolatxonalarimizning asosiy vazifasiga aylanadi.

Ushbu masalalar hozirgi vaqtda ishlab chiqilayotgan O‘zbekiston tashqi siyosiy va iqtisodiy faoliyatining yangilangan konsepsiyasida o‘z ifodasini topadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

O‘zA