“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi «O‘ZBEKISTON: SAYLOV – 2021» mavzusidagi jamoatchilik fikri telefon so‘rovlarining uchinchi bosqichini o‘tkazdi.

Unda 2021 yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi munosabati bilan O‘zbekiston fuqarolarining elektoral xulq-atvori xususiyatlari aniqlandi. O‘zbekistonliklarning elektoral nuqtai nazarlari,  ularning ovoz berishda ishtirok etishga tayyorligi va mamlakat siyosiy hayotiga jalb etilganligi darajasi o‘rganildi.

So‘rovda mamlakatning turli mintaqalarida yashovchi fuqarolar, shaharliklar va qishloqdagilar, erkaklar va ayollar, turli millat va ijtimoiy qatlamlar vakillari, iqtisodiyotning davlat va xususiy sektorlarida band bo‘lganlar, yoshlar va o‘rta hamda katta yoshdagi kishilar ishtirok etdi.

O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalardagi demokratik o‘zgarishlar va fuqarolik jamiyatining rivojlanishi aholining saylov jarayonlari samaradorligi bilan bog‘liq elektoral madaniyatida o‘z aksini topmoqda.

Turli darajadagi saylovlarda ishtirok etish mamlakatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy hayotiga jalb etilganlik darajasi  bilan muayyan darajada bog‘liqdir. Bu elektoral madaniyatning o‘ziga xosliklaridan biri hisoblanadi. Bu mamlakat hayotining ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalaridagi kundalik voqealarni kuzatib borish xohish-istagida namoyon bo‘ladi.

Telefon so‘rovlarining monitoringi o‘zbekistonliklarning elektoral madaniyati fuqarolarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga yuqori qiziqish bildirishini ko‘rsatdi. Chunonchi, respondentlar mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotini turli darajadagi muntazamlikda – doimo (45,5%) va vaqti-vaqti bilan (36,3%) kuzatib borishadi.

Mamlakat fuqarolarining elektoral faolligi jahon iqtisodiyoti kon’yunkturasi o‘zgarayotgan va globallashuv sharoitlarida mamlakatning barqaror va ildam rivojlanishi haqidagi konstruktiv jamoatchilik fikriga bog‘liq. Chunonchi, ko‘pchilik respondentlar (77,6%) hozirgi vaqtda mamlakat tanlagan taraqqiyot yo‘li to‘g‘ri ekanligini qayd qildi. Ayni paytda ushbu ko‘rsatkich so‘rov o‘tkazilgan bir necha oy davomida – 2021 yil mayidan avgustigacha barqarorligicha qolmoqda.

O‘zbekistonliklarning elektoral madaniyati saylovchilarning avvalgi tajribaga asoslanib, saylovdagi ishtiroklarini baholashga yetarlicha barqaror tayyorligida o‘z ifodasini topmoqda. So‘rovning ko‘rsatishicha, O‘zbekiston aholisining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yildagi saylovida yetarlicha yuqori darajadagi elektoral faolligi fuqarolarning 2021 yildagi saylovda ishtirok etishga intilishining yuqori ifodasini bashorat qilishga imkon beradi.

Tadqiqotning aniqlashicha, so‘rov ishtirokchilarining asosiy ko‘pchiligi  2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tishi haqida xabardordir.

Saylovoldi kampaniyasining borishi haqidagi axborotning eng talabgir manbasi televideniye hisoblanadi (66,8%). Qariyb har ikkinchi (48,1%) respondent axborot olish uchun (ijtimoiy tarmoqlar, ijtimoiy tarmoq elementlariga ega bo‘lgan ilovalar, krossplatformali messenjerlar, masalan, Telegramni inobatga olgan holda) internetdan foydalanadi.

O‘tkazilgan telefon so‘rovi O‘zbekiston Prezidentligiga bo‘lajak saylovda aholining ishtirok etishga tayyorligi bo‘yicha yuqori darajani qayd qildi (88,2%). Bu aholining fuqarolar tomonidan saylovning ijtimoiy-siyosiy muhimligini chuqur anglashda (86,3%), har bir saylovchining ishtirok etishi ovoz berish natijalariga ta’sir qilishi mumkinligiga bo‘lgan ishonchda namoyon bo‘layotgan yetarlicha yorqin elektoral madaniyati haqida dalolat beradi. Deyarli barcha yosh toifasidagi fuqarolar ovoz berishda ishtirok etishning zaruriyatini anglaydilar va unda ishtirok etishni o‘zlari uchun juda muhim, deb hisoblaydilar.

Umuman olganda, o‘tkazilgan jamoatchilik fikri so‘rovlari shuni ko‘rsatdiki,  jamoatchilik fikrida bo‘lajak Prezident saylovlari davlat, jamiyat va har bir fuqaro hayotida muhim siyosiy voqea ekanligini anglash va his qilish ustuvorlik qiladi. Ko‘pchilik o‘zbekistonliklar mamlakatda yuz berayotgan siyosiy jarayonlar va saylovoldi kampaniyasining borishini katta qiziqish bilan kuzatmoqda hamda bo‘lajak saylovlar ochiqlik, oshkoralik, ob’ektivlik va haqqoniylik kabi demokratik tamoyillar asosida yuqori siyosiy-huquqiy va tashkiliy darajada o‘tishiga ishonch bildirmoqda.

 

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik  

fikrini o‘rganish markazi  

O‘zA